Sifati kafolatlanmagan dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.
Namangan viloyati bojxona boshqarmasi xodimlariDavlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazgan tezkor tadbir davomida Namangan shahrida fuqaro G.D.ning yashash xonadoni belgilangan tartibda ko`zdan kechirildi.
Natijada, ushbu xonadonda tegishli hujjatlari bo`lmagan, sifati kafolatlanmagan umumiy qiymati 280 million so`mlik 23 turdagi 70 382 dona dori vositalari borligi aniqlandi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu hududda yashovchi fuqaro X.O.ning xonadoni belgilangan tartibda ko`zdan kechirilganida, ushbu xonadon egasi ham 1 milliard 17 million so`mlik 28 turdagi 338 518 dona sifati kafolatlanmagan dori vositalarini noqonuniy saqlab kelayotganligi aniqlandi.
Namangan viloyatida o`tkazilgan yana bir tadbir davomida fuqaro E.S. boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtomashina o`rnatilgan tartibda ko`zdan kechirildi. Natijada, ushbu avtomashinada tegishli hujjatlari bo`lmagan umumiy qiymati 700 million so`mlik 67 turdagi 85 088 dona dori vositalari borligi aniqlandi.
Navbatdagi tezkor tadbirda Mingchinor mahallasida yashovchi fuqaro N.A.ning yashash xonadoni ham belgilangan tartibda ko`zdan kechirildi.
Ushbu xonadonda ham tegishli hujjatlari bo`lmagan 650 million so`mlik 53 turdagi 100 443 dona sifati kafolatlanmagandori vositalari borligi aniqlanib belgilangan tartibda vaqtincha saqlovga olindi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.






