Majlisda deputatlar “2021 yil uchun O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti to`g`risida”gi Qonunga o`zgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasini atroflicha ko`rib chiqdi.
Qonun loyihasi bilan olis hududlarda birlamchi va ixtisoslashgan tibbiy yordam ko`rsatish va ehtiyojmand aholi uchun skrining va davolash tadbirlariga xususiy shifoxonalar ham jalb qilinib, ularga subsidiya ajratish yo`lga qo`yiladi hamda byudjetdan qo`shimcha mablag`lar ajratilib endokrin kasalliklarni erta aniqlash va davolash maqsadida muassasalarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlanadi.
Deputatlarning qayd etishicha, Davlat byudjeti parametrlariga kiritilayotgan o`zgartishlar mamlakatimizda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta`minlash, yoshlar va xotin-qizlar tashabbuslarini keng miqyosda moliyaviy qo`llab-quvvatlash hamda ichki yo`llar va ichimlik suvi ta`minotini yaxshilashga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi yuzasidan siyosiy partiyalarning fraksiyalari a`zolari o`zlarining munosabatlarini bildirib o`tishdi.
Majlisda qonun loyihasi qabul qilindi.






