AsosiyJinoyat

Sirdaryoda murdasi topilgan deb taxmin qilingan shaxs tirik bo`lib chiqdi

'Sirdaryoda murdasi topilgan deb taxmin qilingan shaxs tirik bo`lib chiqdi'ning rasmi

Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida 100 foiz kuyib ketgan jasad topilganligi ishi yuzasidan yangi tafsilotlar ma`lum bo`ldi.

Eslatib o`tamiz, mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j” bandi (O`ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o`ldirish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan edi.

O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining matbuot kotibining ma`lum qilishicha, qotillik alomatlari (yonib ketgan) bo`lgan noma`lum shaxs murdasi bilan birga “COBALT” rusumli avtomashinasi ham topilgan. Noma`lum murda mazkur avtomobilni ijara shartnomasi asosida haydab yurgan fuqaro Fayzullo P. ekanligi taxmin qilingan. Biroq jinoyat joyi ko`zdan kechirilganda o`sha erda yotgan aroq shishasi idishidan boshqa bir shaxs — fuqaro Sergey S.ning barmoq izlari aniqlangan.

Shundan so`ng Sergey S.ning onasi va ukasi so`roq qilingan. Yaqinlari tomondan marhumning doimiy ish joyi yo`qligi, qurilish ishlarida yollanma ishchi bo`lib ishlab yurishi, muqaddam o`g`irlik bilan sudlangani, muntazam ravishda spirtli ichimlik iste`mol qilishi, voqea sodir bo`lgan kuni uydan chiqib ketib, qaytib kelmaganligi bayon etilgan.

Olib borilgan tezkor-surishtiruv harakatlari davomida marhum deb taxmin qilingan Fayzullo P. aslida tirik bo`lib, Ohangaron shahrida yashirinib yurganligi aniqlangan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Oxangaron shahridagi xonadonlarining birida yashiringan Fayzullo P. ushlangan.

Jinoyat ishi bo`yicha so`roq qilingan Fayzullo P. o`z aybiga iqror bo`lib bergan ko`rsatmasida “COBALT” avtomashinasida Toshkent shahar hududida kirakashlik qilib yurganida ayrim fuqarolardan 4,1 ming AQSh dollarini aldab olgani, qarz bo`lib qolgani, ularni qaytarishning imkoni bo`lmagani sababli notanish shaxsni o`ldirib, o`zini o`ldiga chiqarib qo`rsatish rejasini tuzganligini bildirgan.

F.P. 2021 yil 28 may kuni Uchtepa tumani, 20-mavzesida baklashka terib yurgan rus millatiga mansub, o`ziga notanish shaxs - Sergey S.ni ko`rib, unga ish taklif qilib, o`zining boshqaruvidagi “COBALT”ga o`tqazib, do`kondan olingan aroqni ichirib, Sirdaryo viloyati hududidagi ovloqroq joyga olib kelgan hamda o`ta shafqatsizlik bilan qasddan o`ldirgan. 

Hozirda gumonlanuvchi prosessual tartibda ushlangan. 

Tergov harakatlari davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar