Biroz avval Surxondaryo viloyat hokimligi 2 dona Skoda Kodiaq rusumli avtomashinalar harid qilayotgani haqida xabar bergan edik. Bu avtomashinalarga ehtiyojning bor-yo`qligi va davlat hokimiyati organlari mas`ullari uchun bu turdagi avtomashinalarning harid qilinishi normalarga to`g`ri kelish-kelmasligi yuzasidan surishtiruv olib bordik.
Surxondaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati rahbari Zahiriddin To`raevning “Darakchi”ga ma`lum qilishicha, bu xizmat avtomashinalariga ehtiyoj bor. Sababi tizimga yana bir yangi o`rinbosar hamda o`rinbosarga tenglashtirilgan yangi maslahatchi lavozimi joriy etilgan. “Mashinalar Vazirlar Mahkamasining 258-sonli qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda xarid qilinmoqda”, deydi Zahiriddin To`raev.
Oldingi xizmat mashinalari nima bo`ladi?
Mas`ulning aytishicha, oldingi mashinalar sotilmaydi va boshqa o`rinbosarlarga biriktiriladi.
Mashinalar harid narxlari normalarga mosmi?
Vazirlar Mahkamasining 258-sonli qarori bilan davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalarini biriktirish me`yorlari belgilab qo`yilgan. Unda viloyatlar hokimliklari rahbarlari uchun 1 dona eng yuqori narxi bazaviy hisoblash miqdorining 2 000 baravarigacha (490 mln. so`m) 1 dona, rahbar o`rinbosari uchun eng yuqori narxi bazaviy hisoblash miqdorining 1 500 baravarigacha (367,5 mln. so`m) narxdagi 1 dona avtomashina harid qilish mumkin – jami 857 mln. 500 ming so`m. Surxondaryo viloyat hokimligi harid qilayotgan avtomashinalarning umumiy narxi esa 694 mln. so`m.
Demak, harid qilinayotgan xizmat avtomashinalarining narxlari normalarga muvofiq tarzda harid qilinmoqda.
Sardorbek Rahmonqulov






