Avvalroq, 11 iyun kuni “YPX xodimlari DSI boshlig`i o`rinbosarini o`ldirib qo`yishgani” haqida xabar bergan edik. Oliy Majlisi Senati Axborot xizmatining xabar qilishicha, Senat ushbu holatni o`z nazoratiga olgan.
Bu borada O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rasmiy munosabat bildirib, unda fuqaro Aziz Ahmedov boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtotransport vositasi svetaforning qizil chirog`idan to`xtamasdan o`tib, xodimlarning to`xtash ishorasiga bo`ysunmasdan, avtotransportda yuqori tezlikda harakatlanib yashirinmoqchi bo`lganligi, shundan so`ng yo`l qatnov qismining o`rtasida to`xtab, haydovchi avtotransportni tashlab, piyoda qochishga uringanligini ma`lum qilgan. Bu borada vazirlik internet tarmoqlarida holat tasvirga tushirilgan videomaterialni havola etgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan Kattaqo`rg`on tumani prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov xarakatlari olib borilmoqda. Holat yuzasidan yakuniy xulosa, tergov jarayonlari o`z nihoyasiga etgandan so`ng ma`lum bo`ladi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi mazkur holat bo`yicha o`rganish natijalari bo`yicha ma`lumotlarni keng ommaga e`lon qiladi. O`z navbatida, qo`mita qonun buzilish holatining har qanday ko`rinishiga murosasiz ekanligini bildiradi.






