Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo`limi xodimlari “Chuqursoy texnik-idora” hamda “Toshkent-tovar” bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda qing`irlikni fosh etishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasining Axborot xizmati ma`lumot berdi.
Unga ko`ra, yurtimizda faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub`ekti xorijdan o`z korxonasi nomiga 4 ta yuk konteynerida texnologik asbob-uskunalar buyurtma beradi.
Biroz muddat o`tgach, mazkur 4 ta konteynerlar “Chuqursoy texnik idora” temir yo`l chegara bojxona posti orqali yurtimiz hududiga kirib keladi.
Shundan so`ng bojxona xodimlari post hududida o`rnatilgan inspeksion ko`rik majmuasidan olingan rengent tasvirlari hamda mazkur konteynerlarga tegishli yuk hujjatlarini o`zaro solishtirish asosida bojxona nazoratidan o`tkazishdi.
Natijada, yuk hujjatlariga ko`ra “tomchilatuvchi lentani ishlab chiqarish liniyasi” deya ko`rsatilgan tovarlarning rengent tasvirlari va yuk hujjatlaridagi ma`lumotlar o`rtasida tafovutlar aniqlandi.
Bojxona ko`rigi davomida qiymati 4 mlrd 303 mln. so`mlik, 115 654 dona kiyim-kechaklar, 15,7 tn. granula tovari hamda metall javonlar konteynerlarga tegishli yuk hujjatlarida umuman qayd etilmaganligi aniqlandi.
Shuningdek, hujjatlarda ko`rsatilgan “tomchilatuvchi lentani ishlab chiqarish liniyasi” texnologik asbob uskunalari ham muqaddam foydalanishda bo`lganligi, shuningdek uskuna qismlari foydalanishga yaroqsiz hamda zanglagan holda ekanligi ma`lum bo`ldi.
Qonunbuzar oldindan o`ylangan puxta qing`ir rejasi asosida mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilgan qulayliklarni suiste`mol qilgan holda muqaddam foydalanilgan, ishlatishga yaroqsiz bo`lgan texnologik asbob-uskunalarni hamda juda ko`p miqdordagi tovar-moddiy boyliklarni yurtimiz hududiga noqonuniy olib kirishga uringanligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.






