Kecha tunda Toshkent metrosida yana nosozlik yuzaga keldi. Holat aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
"Toshkent metropoliteni" UKning izoh berishicha, kecha, soat 22:10da Chilonzor yo`nalishining Olmazor bekatidan Bekat 1 tomon harakatni boshlagan harakat tarkibi mashinisti tomonidan poezdda nosozlik aniqlangan. Yo`lovchilarni hamda harakat xavfsizligini ta`minlash maqsadida yo`lovchilar Olmazor bekatida tushirilgan. Nosozlikni aniqlash maqsadida harakat tarkibidagi poezd elektrodepoga jo`natilgan.
"Keltirilgan noqulayliklar uchun yo`lovchilardan uzur so`raymiz", - deyiladi rasmiy izohda.
Eslatib o`tamiz, so`ngi vaqtlarda Toshkent shahar yo`lovchilari metropoliten xizmatlaridagi qator muammolar guvohiga aylanishmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropoliteni bilan bog`liq kamchiliklar haqida ko`p marotaba yozib kelishmoqda. Jumladan,
18 mart kuni “Olmazor” (Chilonzor yo`li) va “Bekat-1” (Sergeli yo`li) orasidagi tunnelda ikki poezd to`qnashuvi.
8 aprel kuni Sergeli er usti metrosida poezd yarim yo`lda to`xtab qoldi.
9 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda poezdning ochiq eshiklar bilan harakati tushirilgan video tarqaldi.
Shu bilan birga metropolitendagi er osti va er usti poezd harakatlarining bir nechta boshqa videolari ham ijtimoiy tarmoqlarda ko`p bora muhokama qilindi. 18 may kuni esa, tunnelda to`xtab qolgan poezd haqidagi video tarqaldi, unda yo`lovchilar releslar orqali harakatlanib bekatga etib olishgani tasvirlangan. Sal o`tib, 25 may kuni ham ertalab metroda yana poezd to`xtab qolgani xabar qilingan edi.






