AsosiyJinoyat

Toshkentda fuqaroga og`ir tan jarohati etkazgan yigitga hukm o`qildi

'Toshkentda fuqaroga og`ir tan jarohati etkazgan yigitga hukm o`qildi'ning rasmi

Shu kunlarda jamiyatimizda sodir bo`layotgan ba`zi bir voqealarni ko`rib, odamlarimiz kundan-kunga bag`ritosh bo`lib borayotgandek tasavvur uyg`onadi. Deyarli kunora eshitayotganimiz­-birovga tan jarohati etkazish, o`ldirib qo`yish bilan bog`liq voqealarga aksariyat hollarda o`zini boshqara olmaslik sabab bo`lyapti. Aqli-hushi joyida, soppa-sog` fuqarolarimiz tomonidan boshqalarni jazolash, tan jarohati etkazish holatlari tez-tez sodir bo`lyaptiki, bu hammamiz uchun juda achinarli holdir... 

Voqea joyidan yashirindi

Sudlanuvchi Asilbek Karimov (ism-shariflar o`zgartirilgan) Toshkent shahar, Shayxontohur tumanida joylashgan maktabgacha ta`lim muassasalaridan birining yonida jabrlanuvchi Samadov Akmalning do`stlari bilan o`zaro og`zaki janjallashib turganliklarini ko`radi. Ularni tinchlantirmoqchi bo`lganida, Samadov Akmal bilan o`zaro tortishib qolishadi. Unga qasddan og`ir tan jarohati etkazish maqsadida, yonidagi sovuq qurol sifatida foydalanishi mumkin bo`lgan “pakki” pichoq bilan Samadov Akmalning orqa tomon - chap ko`krak sohasiga bir necha marta urib, tan jarohati etkazadi va voqea joyidan yashirinadi. Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko`ra, Asilbek Karimov tomonidan Akmal Samadovning hayotiga xavf soluvchi og`ir tan jarohati etkazilgan.

“Kuchim etmasligini anglab, pichoq sanchdim...”

Sud majlisida sudlanuvchi tariqasida so`roq qilingan Asilbek Karimov aybiga to`liq iqror bo`lib, dastlabki tergov davrida bergan ko`rsatmalarini to`liq tasdiqlab, quyidagilarni ma`lum qildi:

— Tungi vaqtda do`stlarim bilan gaplashib o`tirish uchun choyxonalardan birining oldiga yig`ildik. Kurtkamning cho`ntagiga o`zimga tegishli, ochilib-yopiluvchi “pakki” pichoqni solib olgandim. U erda do`stlarim Abdulaziz, Javohir, Alijon va Abduqodir bor edi. Ular bilan birpas gaplashib turib, “xot-dog” sotiladigan do`kon atrofini bir aylanib keldim. Birozdan keyin “xot-dog” do`konida ishlovchi Samadov Akmalning do`stlarim bilan birga ketayotganligini ko`rdim. Nima bo`layotganini tushunmay, ularning orqasidan bog`chaning yoniga bordim. Samadov Akmal do`stlarimning oldiga borganida birdan baqir-chaqir ko`tarildi. Buni ko`rib, ularning oldiga yugurib bordim. Akmal do`stlarim bilan urishib ketganini ko`rib, ajratmoqchi bo`ldim. Shu payt Akmal meni orqa tomonimdan ushlab, “brosok” usulida erga yiqitib, ustimdan bosdi. Akmalning baquvvatligini, unga kuchim etmasligini anglab, ustimdan turg`izib yuborish uchun cho`ntagimdagi “pakki” pichoqni oldim. Uning tugmasini bosib, tig`ni chiqardim va Akmalning orqasiga ketma-ket uch marta sanchdim. Aslida uni o`ldirish niyatim yo`q edi, ustimdan turg`izish uchungina pichoq urdim. O`sha erda bo`lgan o`rtoqlarim bizni ajratishdi. Ular Akmalni etaklab olib ketishdi. Men pichoqni cho`ntagimga solib, yo`lning narigi tomoniga o`tdim. O`sha erda joylashgan uch qavatli binoning oldiga borganda pichoqni cho`ntagimdan chiqarib, irg`itib yubordim. Katta yo`lga qaytib chiqib, yo`lovchi taksi ushlab, Yakkasaroy tumanida yashovchi dodamning uyiga yo`l oldim. Birozdan keyin IIB xodimlari kelib, meni qo`lga olishdi. Ularga pichoqni qaerga tashlaganimni ko`rsatdim. Hozirda qilgan ishimdan juda pushaymonman. Jabrlanuvchidan kechirim so`rayman, bunday holat boshqa takrorlanmaydi. Jazo tayinlashda engillik berishingizni so`rayman.

Hukm o`qildi

Asilbek Karimov JKning 104-moddasi 2-qismining “e” bandi bilan oqlandi. JKning 104-moddasi 2-qismining “l” bandlari bilan aybdor, deb topildi. Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo`llanib, 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Abdulla Abdulxaev, jinoyat ishlari bo`yicha Shayxontohur tuman sudi raisi v.b., 

Lola Shoimova, jurnalist

    Boshqa yangiliklar