Bu haqda O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi tomonidan O`zbekiston Savdo-sanoat palatasida tashkil etilgan “Zamonaviy tadbirkor - Yangi O`zbekistonning tayanchi” mavzusidagi “Ochiq muloqot”da qayd etildi.
Joylarda ishbilarmonlik muhiti holatining o`zgarishi va tadbirkorlik faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash maqsadida 60 mingdan ortiq so`rovnomalar o`tkazib, sohada yuzaga kelayotgan muammolar echimi yuzasidan takliflar tayyorlandi
Shuningdek, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish sohasida - tizimga malakali kadrlar jalb qilinib, tadbirkorlar manfaatida sudlarga 400 mingga yaqin da`vo arizalar kiritildi (2013-2016 yillarda bu ko`rsatkich atigi 38 mingta bo`lgan).
Alohida qayd etish lozimki, Palata ishtirokida bugungi kunga qadar tadbirkorlar o`rtasidagi 6 mingta nizoli holat o`zaro kelishuv yo`li bilan hal etilishiga erishildi. Tadbirkorlar ishtirokida xalqaro darajada yuzaga keladigan nizolarni ko`rib chiqish bo`yicha Palata huzurida “Toshkent xalqaro arbitraj markazi” tashkil etilgan bo`lib, ushbu markazga 50 dan ortiq etakchi xalqaro ekspertlardan iborat arbitrlar jalb qilindi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida qiymati 3,8 mln. dollarga teng bo`lgan 22 ta xalqaro tijorat nizolari ko`rib chiqildi.
Shu bilan birga, turli vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan 3,3 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga ta`sirini baholash yuzasidan vakolatli organ sifatida Jamoatchilik ekspertizasi o`tkazildi.
Ta`kidlash lozimki, ushbu loyihalarning qariyb 58 foizi da tadbirkorlikka to`siq bo`luvchi va korrupsiyaga sharoit yaratuvchi qoidalar aniqlanib, Palataning e`tiroz va takliflari asosida hujjatlar vazirliklar tomonidan qayta ishlandi.
Palata tomonidan hududlarda tadbirkorlarga ko`maklashish maqsadida barcha tuman va shaharlarda Tadbirkorlikka ko`maklashish markazlari tashkil etilib, aholi tadbirkorligini qo`llab-quvvatlashning yaxlit tizimi yaratilgani qayd etildi. Markazlar tomonidan tadbirkorlarga 600 mingdan ortiq biznes-xizmatlar ko`rsatilgani, ularning 95 foizi bepul hizmatlar hisoblanishi alohida ta`kidlandi.






