Avval xabar qilganimizdek, bugun, 23 iyun kuni O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi tomonidan O`zbekiston Savdo-sanoat palatasida “Zamonaviy tadbirkor - Yangi O`zbekistonning tayanchi” mavzusida “Ochiq muloqot” bo`lib o`tdi.
Qayd etilishicha, Savdo-sanoat palatasi tizimida yoshlar ham alohida o`rin egallagan bo`lib, Palata tomonidan 14 ta o`quv markazi faoliyati yo`lga qo`yilgan. Malakali mutaxassislar va tadbirkorlikka ko`maklashish markazlari bilan birgalikda 103 mingdan ortiq aholi tadbirkorlikka o`qitildi.
Shuni ham alohida qayd etish lozimki Davlatimiz rahbari tomonidan 2020 yil 25 dekabrdagi yoshlar bilan uchrashuvda berilgan topshiriq asosida, yoshlarni tadbirkorlikka o`qitish va biznesga yo`naltirish bo`yicha bu yilning o`zida 48 va 150 soatlik o`quv dasturlari bo`yicha 140 mingdan ortiq ishsiz yoshlar tadbirkorlik asoslariga o`qitilib, biznesga yo`naltirilishi maqsad qilib olingan.
O`tgan davr mobaynidagi yana bir muhim o`zgarish sifatida davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan, Palata huzurida dunyoning nufuzli universitetlaridan biri bo`lgan “Turkiya iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti”ning Toshkent filiali tashkil etilganligini ta`kidlashimiz mumkin. Universitetni tashkil etish orqali mamlakatimizda “xalqaro biznes va tadbirkorlik”, “elektron tijorat va texnologiyalarni boshqarish”, “arxitektura va dizayn”, “kompyuter muhandisligi”, “interer arxitekturasi” kabi yo`nalishlarda kadrlar tayyorlash ishlari jadal olib borilmoqda.






