Senatning o`n oltinchi yalpi majlisida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risida”gi Qonun ma`qullandi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar bermoqda.
Qonun bilan vijdon erkinligini ta`minlashning asosiy ustuvorliklari, diniy tashkilotlarning huquq va majburiyatlari doirasi aniq belgilab berilmoqda. Diniy tashkilotlar faoliyatining qo`shimcha kafolatlari mustahkamlanmoqda.
Qonun bilan quyidagilar bekor bo`lmoqda:
– fuqarolarning jamoat joylarida “ibodat liboslari”da yurishlariga yo`l qo`yilmasligi haqidagi cheklov;
– diniy ta`lim mussasalarida diniy ta`lim beruvchilarga markaziy organning alohida roziligini olish talabi;
– diniy tashkilotni ro`yxatdan o`tkazish uchun notarial tasdiqlangan hujjatlarni taqdim etish tartibi;
– diniy tashkilotni tuzishda mahalla fuqarolar yig`inlari roziligini olish talabi bekor bo`lmoqda.
Qonunda diniy tashkilotlarni ro`yxatdan o`tkazish tartib-taomillari tubdan engillashtirilmoqda:
– diniy tashkilotni tuzish uchun tashabbuskorlarning soni 100 nafardan 50 nafarga qisqartirilmoqda;
– diniy tashkilotni tuzish haqidagi yig`ilish o`tkazilgandan keyin 6 oy mobaynida (amalda 3 oy) adliya organiga murojaat qilish huquqi mustahkamlanmoqda;
– taqdim etiladigan hujjatlar soni qisqarmoqda;
– ro`yxatdan o`tkazish bilan bog`liq xizmatlar to`liq elektron ko`rinishda amalga oshirilishi joriy etilmoqda;
– diniy tashkilotni ro`yxatdan o`tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ko`rib chiqishning 3 oylik muddati 1 oy etib belgilanmoqda;
– ro`yxatdan o`tkazishni rad etish asoslari aniq belgilanmoqda.
☝🏻Diniy tashkilotning faoliyati faqatgina sud tomonidan to`xtatib qo`yilishi mumkinligi, mansabdor shaxslar tomonidan diniy tashkilotlarning qonuniy manfaatlarini buzuvchi xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilganda ular davlat bojini to`lashdan ozod etilishi va boshqa qo`shimcha kafolatlar nazarda tutilmoqda.
️Mazkur Qonun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolanib, belgilangan tartibda e`lon qilingach kuchga kiradi.