AsosiyJinoyat

14 yoshli qizga doimiy ravishda zo`rlik ishlatgan buxorolik cho`ponga sud hukmi o`qildi

'14 yoshli qizga doimiy ravishda zo`rlik ishlatgan buxorolik cho`ponga sud hukmi o`qildi'ning rasmi

Buxoro viloyati, Qorako`l tumanida o`tgan yili 14 yoshli voyaga etmagan qiz — A.X.ga nisbatan avvaliga jinsiy zo`ravonlik qilib, keyinchalik uni qo`rqitib, ishqiy munosabatni davom ettirishga majburlab kelgan 31 yoshli A.S.ga uch yilga qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Darakchi.uz'ga Oliy sud Matbuot xizmati ma`lum qildi.

A.S. 2020 yilning avgust oyida fuqaro Sh.R.ning turmush o`rtog`i, uch nafar qizi va bir o`g`li bilan yaqindan tanishgan. Sh.R.ning katta qizi  — tumandagi maktabning 7-sinfi o`quvchisi, 14 yoshli A.Sh.ning qo`l telefoni raqamini olgan A.S. hali voyaga etmagan qizga ishqiy izhorlarini SMS orqali yo`llab turgan.  Voyaga etmagan qizga turmush o`rtog`i bilan ajrashganini va unga uylanishini bildirgan.

2020 yil 14 noyabr kuni soat taxminan 10:00 larda A.Sh. maktabdan qaytgan va bu paytda hovlida hech kim bo`lmagan. Erkak esa qizning qarshilishiga qaramay, uning qo`lidan tortib, avtomashinasining orqa o`rindig`iga majburlab o`tirg`izgan va mashina eshiklarini qulflab, zudlik bilan haydab ketgan.  Qorako`l tumanida joylashgan Eshonqul-Niyoz fermer xo`jaligi dala shiyponiga olib borib, zo`rlik va kuch ishlatish yo`li bilan qizni avtomashinadan tushirgan. Shiypon qorovulxonasiga voyaga etmagan qizni majburlab olib kirgan cho`pon uning qarshiligiga qaramay, jinsiy zo`ravonlik qilgan va nomusini toptagan. Keyinchalik ular doimiy aloqada bo`lib turgan.

Qiz 2021 yil 21 yanvar kuni holatni onasi M.R.ga aytib bergan. 22 yanvar kuni fuqaro M. R. tuman IIBga holat yuzasidan ariza bilan murojaat qilib, A.S.ga nisbatan qonuniy chora ko`rilishini so`ragan. Tergov-surishtiruv jarayonlarida esa voqea tafsilotlari to`liq o`rganilgan.

Sud davlat ayblovchisining xulosasini, jabrlanuvchi — voyaga etmagan A.Sh. va A.S.ning xufyona ishqiy uchrashuvlari borasidagi ish hujjatlarini o`rganib chiqilgan va A.S.ning jinoyati isbotlagan. Jinoyat ishida to`plangan boshqa dalillar orqali A.S.ning jinoiy xatti-harakatlari fosh etilgan.

— 30 may kunidagi sud hukmiga ko`ra, A.S.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 128-moddasi 2-qismining «a» bandi sanksiyasi doirasida ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi, — dedi Jalol Sadirov.

A.S. jazoni uch yil muddatga manzilli koloniyalarda o`taydi.

    Boshqa yangiliklar