Avvalroq, Angren IIB binosida ichki ishlar xodimi o`zini otib o`ldirgani haqida xabar berilgan edi.
Hodisa yuzasidan Toshkent viloyati IIBB Matbuot kotibi “Bu Kun” informasion dasturi ijodkorlariga intervyu bergani so`ng, internetdagi ayrim axborot nashrlarida ushbu izoh bir oz boshqacharoq talqin qilinyapti deya, holatga qo`shimcha izoh bermoqda IIBB matbuot kotibi Bobur Tulyaganov.
"Ya`ni, ba`zi nashrlar ushbu xabarni «marhum PPX xodimi, safdor Bobomirzaevga faoliyati davomida "hech qachon", hech qanday tazyiq o`tkazilmagan, bu haqida IIBB Axborot xizmati rahbari ma`lum qildi» deb yozishmoqda.
Men avvalo IIBB tomonidan berilayotgan ma`lumotlarni keng jamoatchilikka etkazishda ko`maklashayotgan barcha OAV vakillariga o`z minnatdorchiligimni bildiraman va shu o`rinda yuqoridagi mavzu bo`yicha berilgan izohga qisqacha oydinlik kiritib o`taman.
Chindan ham Angren shahri IIB binosidagi xizmat xonalari audio, video kuzatuv moslamalari bilan jihozlangan va marhum PPX xodimi Bobomirzaev bilan bo`lib o`tgan suhbat ham ularda muhrlangan. Men ko`rib guvoh bo`lganim ayni ushbu suhbat davomida Bobomirzoevga hech qanday qo`pollik yoki tazyiq o`tkazilmagan.
“Bu Kun” ko`rsatuvi orqali bergan intervyuda ham ayni mana shu jarayon haqida gapirib o`tganman. Bobomirzaevning xizmat faoliyatidagi o`tmishi, avvallari haqida esa viloyat prokuraturasi tomonidan o`tkazilayotgan surishtiruvlar davomida o`rganiladi. Natijasi haqida jamoatchilikka ma`lumot beriladi.
Shu o`rinda marhumning oila a`zolari, yaqinlariga o`zimning chuqur hamdardligimni, ta`ziyamni bildiraman", - deyiladi rasmiy izohda.






