“Chumchuq so`ysa ham qassob so`ysin”, deb bejiz aytishmagan. Shunday kasblar, sohalar borki, ularning haqiqiy ustasi bo`lish uchun yillab o`qish, tajriba orttirish lozim. Zero, bu soha odamlarining birgina noto`g`ri xatti-harakati kimningdir umriga zomin bo`lishi hech gap emas. Shu haqiqatni bila turib, boylik orttirish maqsadida kemiruvchilarga qarshi kurashishda ishlatiladigan zaharli moddadan foydalangan holda yasalgan qo`lbola dorilarni sotuvga chiqargan “farmasevt – tadbirkor” va uning sheriklari bir yigitning o`limiga sababchi bo`lishdi. Bu haqda Toshkent shahar sudining Jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik bo`yicha bosh konsultanti Sadoqat Allaberganova xabar qildi...
44 yoshli E.M. “A.G.M.” MChJda norasmiy agent sifatida ishlab kelib, jamiyat bilan “B.” MChJ o`rtasida 2020 yil 5 fevral va 10 fevralda shartnomalar tuzishga erishgan. Ushbu shartnoma asosida jami 300 kg. “bariy sulfat” kukunsimon xomashyosini har bir kg.ini 31.000 so`mdan – jami 10.780.000 so`mga pul o`tkazish yo`li bilan sotib olgan. Fevral oyi boshlarida ushbu kukunli xomashyoni o`zi yashaydigan Qo`qon shahridagi uyga olib borib, 100 gramlik plastmass idishlarga qadoqlagan. Ushbu idishlarga qo`lbola usulda “Bariy sulfat dlya rentgenoskopii 100 g. Proizvedeno v Kitae” yozuvli yorliqlarni elimlab, dori vositasi ko`rinishiga keltirgan. Bu kukun tibbiy dori vositasi sifatida qo`llanilishi mumkin emasligini, uning iste`moli inson organizmi uchun xavfli ekanini bila turib, “S.F.S.” MChJga qarashli, Toshkent shahri Olmazor tumani Forobiy ko`chasida joylashgan “O.P.” nomli dorixonaning norasmiy ish yurituvchisi bilan oldindan tuzilgan og`zaki kelishuv asosida 1.000 dona qo`lbola usulda qadoqlangan “Bariy sulfat” kukunlarini har birini 11.000 so`mdan – jami 11.000.000 so`m naqd pul evaziga etkazib beradi.
21 yoshli F.A. esa ushbu “Bariy sulfat” kukunlarini Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 apreldagi 185-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizasiya qilish tartibi to`g`risida”gi Nizomning 3-bob 11-bandida ko`rsatilgan “belgilangan tartibda sertifikatlanishi lozim bo`lgan dori vositalari va tibbiy buyumlarni muvofiqlik sertifikatlarisiz chakana realizasiya qilish taqiqlanishi” hamda 12-bandidagi “Sifatsiz, qalbakilashtirilgan, O`zbekiston Respublikasida ro`yxatdan o`tkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek O`zbekiston Respublikasida ro`yxatdan o`tkazilgan dori vositalarining g`ayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizasiya qilish hamda ulardan foydalanish taqiqlanishi” haqidagi talablarga rioya qilmay, noqonuniy yo`llar bilan boylik orttirish maqsadida “O.P.” dorixonasi orqali sotuvga chiqaradi.
2020 yil 5 fevral kuni “N.A.F.” MChJ direktori 42 yoshli N.Sh.ga plastmassa idishlarga joylangan 100 gramm og`irlikdagi 40 dona “Bariy sulfat” kukunlarining har birini 12.900 so`mdan – jami 516.000 so`mga, 15 fevral kuni 50 dona “Bariy sulfat” kukunlarining har birini 12.900 so`mdan – jami 645.000 so`mga naqd pulga sotgan. So`ng N.Sh. mazkur kukunli vositani “N.A.F.” MChJga qarashli Toshkent shahri Olmazor tumanidagi uyda joylashgan dorixona orqali erkin savdoga chiqargan.
18 fevral kuni bir fuqaro dorixonadan “Bariy sulfat” kukunini sotib olib, iste`mol qilganligi oqibatida zaharlanib, 19 fevralda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida vafot etgan.
O`LIM BILAN TO`G`RIDAN-TO`G`RI BOG`LIQLIGI KO`RSATILGAN...
O`tkazilgan sudga oid tibbiy ekspertizaning xulosasiga ko`ra, fuqaroning o`limi bariy tuzlarining og`ir darajali o`tkir zaharlanishidan vujudga kelgan. Ichki a`zolarida bariy tuzlarining kationi, ya`ni bariy kationi aniqlangan. Bu kation boshqa tuz anionlari bilan birikib organizmga tushib, o`tkir zaharlanish holatiga olib kelgan. Bunday o`tkir zaharlanish nerv, yurak va qon tomirlar faoliyati va oshqozon yo`llari tizimini chuqur asoratlab o`limga olib kelgan. Xulosada zaharlanish og`irlik darajasi bo`yicha OG`IR tan jarohatlariga kirishi va o`lim bilan to`g`ridan-to`g`ri bog`liqligi ko`rsatilgan.
KEMIRUVChILARGA QARShI KURAShDA FOYDALANISh UChUN MO`LJALLANGANLIGI KO`RSATILGAN...
X.Sulaymonova nomidagi sud ekspertiza markaziningsud-kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko`ra, tekshiruvga taqdim etilgan kukun tarkibida “bariy karbonat, bariy sulfid, bariy sulfit va bariy fosfat” kabi zaharli moddalardan tashkil topgan. Ushbu moddalar kimyo, shisha, kulolchilik sanoatida hamda qishloq xo`jaliklarida kemiruvchilarga qarshi kurashda foydalanish uchun mo`ljallanganligi ko`rsatilgan.
2021 yilning 20 yanvar kuni jinoyat ishlari bo`yicha Sirg`ali tuman sudida, ochiq sud majlisida sudya Boxodirjon Yusupov raisligida ko`rilgan jinoyat ishining hukmiga ko`ra, E.M., F.A., N.Sh. JKning 1863-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan JKning 45-moddasini qo`llab, 2 yil dori vositalari va farmasevtika faoliyati bilan shug`ullanish huquqidan mahrum qilib, 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
E.M. apellyasiya shikoyatida esa jinoyatni og`ir oilaviy sharoitda sodir etganligi, ehtiyotsizlik orqasida og`ir oqibat kelib chiqqanini bildirib, ishni qayta ko`rib chiqishni so`ragan.
N.Sh. apellyasiya shikoyatida dori vositasining qalbaki ekanini bilmagani, jabrlanuvchini yaqin qarindoshlarining unga nisbatan da`vosi yo`qligi, oilaviy sharoiti, voyaga etmagan farzandlari borligi inobatga olinmaganini bildirib, ishni qayta ko`rib chiqishni so`ragan.
F.A. shikoyatida u dorilarning qalbaki ekanini bilmagani, sud tomonidan jazo tayinlashda uning oilaviy sharoiti inobatga olinmagani, tergov jarayonida onasi vafot etgani,73 yoshli otasi yolg`iz qolgani, davlat ayblovchisining unga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazo tayinlash haqidagi fikri sud tomonidan inobatga olinmaganini bildirgan.
“PULGA MUHTOJ BO`LGANIM BOIS ShU IShNI QILIShGA MAJBUR BO`LGANMAN”
Apellyasiya instansiyasida sudlanuvchi E.M. quyidagilarni bayon qildi...
— “A.G.M.” MChJda norasmiy ishlab kelganman. Ushbu MChJ dori vositalari bilan shug`ullanganman. 2020 yil boshida dori qidirib, Olmazor tumanida joylashgan dorixonaga borgandim, u erda F.A.ning noma`lum shaxs bilan “Bariy sulfat” dorisini izlashayotgani haqidagi suhbatini eshitib qoldim. Shu vaqtda ularga shu dorini topib bersam, sotib olish yoki olmasligini so`radim. F. “dorining hujjatlari bormi?” deb so`radi, borligini aytdim. So`ng “qancha miqdorda olishingizni aytsangiz, shunga qarab narxini aniqlashtiraman”, deya javob qaytardim. Oradan bir-ikki kun o`tgach, internet orqali ikki nafar “B.” MChJ xodimlarini topdim. Ular “Bariy sulfat” dorisi rentgenda ishlatilishi, boshqa dorixonalarga ham ushbu moddani tarqatishini bildirdi. Shuningdek, rentgenchilar ham undan ushbu kukunli xomashyoni sotib olishini, iste`mol qiladigan modda ekanini ta`kidladi. Shundan keyin “A.G.M.” MChJ va “B.” MChJ o`rtasida 2020 yil 5 fevraldagi shartnomaga asosan 100 kg. “Bariy sulfat” xomashyosini har bir kg.ini 35.650 so`mdan – jami 3.565.000 so`mga 4 qop sotib oldim. “B.” MChJ xodimlaridan “Bariy sulfat”ning hujjatini so`radim. Ular dorini Xitoydan olib kirishganini aytib, dorining pasportini taqdim qildi. So`ng qoplardagi dorini o`zimga tegishli Qo`qon shahridagi uyga olib borib, ularni 100 gramlik plastmassa idishlarga solib qadoqladim. Qo`qon shahridagi kompyuter xonalardan birida “Bariy sulfat Proizvedeno v Kitae”, deb ko`k rangda yozuv chiqartirib qadoqlangan idishlarga yopishtirdim. F.A.ga qo`ng`iroq qilib, qancha “Bariy sulfat” kerakligini va narxini kelishib, boshiga sinov tariqasida 40 dona idishda, keyinchalik yana 1.000 dona “Bariy sulfat”ni olib borib berdim. Har biriga 10.000 so`mdan – jami 10.000.000 so`m oldim. Xodimiga yana qo`ng`iroq qilib, 100 kg. “bariy sulfat” kerakligini aytib, 2020 yil 10 fevralda 44-sonli shartnomaga asosan 200 kg. “bariy sulfat” xomashyosini har bir kg.ini 35.650 so`mdan – jami 7.130.000 so`mga hamda oldingidek plastmass idishlarga solib ilgarigadek tayyor holatga keltirib qo`ydim. 2020 yil mart oyining boshida F.A. qo`ng`iroq qilib, “iste`molchilardan biri zaharlandi. “Bariy sulfat” dorisini sertifikati bormi?” deya yana so`radi, “bor” dedim. Oradan bir-ikki kun o`tgach, bu doridan odamlar ichib zaharlanishayotgani haqidagi xabarni o`qib qoldim. Keyin F.A.ga qo`ng`iroq qilib, “barcha dorilarni qaytarib olib keling. Boshimizga balo bo`lmasin”, dedim. Dorilarni yig`ib olib keldi va unga pullarini qaytarib berdim. Qaytarib olganim va Qo`qondagi uyda saqlanayotgan tayyor dori vositalarini “B.” MChJ xodimiga qaytarib olib borib berdim. U bilan zaharlanish holati haqida gaplashganimda, “xabarim bor, tez orada tinchib ketadi”, deya ular ham Xitoydan olgan shaxslar bilan gaplashib, dorini qayta tekshirib ko`rishini aytishganini ma`lum qildi. Oradan ma`lum bir vaqt o`tib, o`sha xodimga qo`ng`iroq qilsam, “dorini tekshirtirdik, zaharlangan odamlar “Bariy sulfat”dan zaharlanishmagan, dori toza chiqqan. Xavotir olmang”, deya tinchlantirdi. Pulga muhtoj bo`lganim bois shu ishni qilishga majbur bo`lganman. Tibbiyot va farmasevtikadan umuman xabarim yo`q. “Bariy sulfat” moddasining ichida boshqa zaharli modda borligini bilmaganman. Bilganida umuman bu ishga qo`l urmagan bo`lardim. Qilgan ishimdan qattiq pushaymonman.
Apellyasiya instansiyasida sudlanuvchi F.A. aybga qisman, N.Sh. esa aybiga iqrorligini bildirdi.
“UKAM VAFOT ETDI...”
Apellyasiya instansiyasida jabrlanuvchining qonuniy vakili quyidagicha ko`rsatma bergan...
— 2020 yil 18 fevral kuni kechki vaqt mashinamda ukam bilan ishdan uyga qaytayotgan vaqtimizda, ukam “o`qishga kirish uchun ertaga tibbiy bo`limidan ko`rikdan o`tishim kerak. Oshqozonimni tekshirish uchun dori olishim lozim”, dedi. Ukasi bilan Yakkasaroy tumani, Sh.Rustavelli ko`chasida joylashgan dorixonalarning har biriga to`xtab dorini izlashga kirishdik. Biroq ukam qidirayotgan dorisini topa olmadi. Ukamdan nima dori izlayotganini so`raganimda, “Bariy sulfat” qidirayapman”, dedim. Telefonidan “1069” qisqa raqamiga qo`ng`iroq qilib, Olmazor tumanida joylashgan MVD gospitalining ro`parasidagi dorixonada borligini bildi. Ushbu dorixonaga kelganimizdan keyin men mashinada o`tirdim, ukamning o`zi dorixonaga kirib dorini olib chiqdi. So`ng ukam dorini uyda tayyorlab ichdi. Oradan 30 daqiqalar o`tgandan so`ng qayt qilayotganini ko`rdim. Tanish shifokorim bilan maslahatlashib, ukamni 16-sonli shifoxonaning toksikologiya bo`limiga olib bordik. Lekin ukam ertalabki soat 7:00 larda vafot etdi. Ukamning oshqozoni bilan bog`liq hech qanday shikoyati bo`lmagan. Tergov davrida dorini kim tayyorlaganini bilib, sudlanuvchi E.M.ga og`ir jazo berishni, sudlanuvchi F.A.ga qonuniy jazo berishni, sudlanuvchi N.Sh. tergov jarayonida dorini qaerdan va kimdan olganligiga yordam berganligi uchun unga nisbatan jazo masalasini sudga havola etishini so`radi.
Musa Yusupov, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo`yicha sudyasi:
— Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar Sirg`ali tuman sudining 2021 yil 20 yanvardagi sud hukmining E.M. va F.A.ga oid qismi o`zgarishsiz qoldirildi.
Sud hukmining N.Sh.ga oid qismini o`zgartirilib, JKning 1863-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan tayinlangan 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi JKning 57-moddasi qo`llangan holda 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga keltirildi.






