O`zimizni bir kun chiroqsiz, gazsiz, suvsiz tasavvur qilolmaymiz, chunki ularsiz yashash qiyin. Ammo so`nggi paytlarda kommunal xizmatlar haqini o`z vaqtida to`lashni talab qilgan mas`ullar bilan fuqarolar o`rtasida turli xil tushunmovchiliklar, janjallar yuzaga kelayotgani hech kimga sir emas. Quyidagi voqea ham aynan shu haqda...
Yuziga musht tushirdi
Toshkent shahar, Olmazor tumanida yashovchi Kengashev Baxtiyorga (ism-shariflar o`zgartirilgan) “Suvsoz” DUK Olmazor tuman suv taqsimoti bo`limi mutaxassisi Narimonov Eldor o`z xizmat vazifasini bajarib, uning xonadoni ichimlik suvidan qarzdorligi mavjudligi haqidagi talabnomani taqdim etadi. Ularning o`rtasida kelib chiqqan o`zaro kelishmovchilik natijasida Kengashev Baxtiyor Narimonov Eldorning yuziga musht tushirib, o`rtacha og`irlikdagi tan jarohati etkazadi.
Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko`ra, Narimonov Eldor pastki jag`, o`ng tomon tana, chap tomon burchak sohalaridan yopiq sinib, siljishi kabi o`rtacha og`ir darajadagi tan jarohati olganligi aniqlangan.
“Qarzni to`lamayman, dedim...”
Sudlanuvchi Kengashev Baxtiyor sud majlisida aybiga to`liq iqror bo`lib, quyidagicha ko`rgazma berdi:
— O`sha kuni ko`chaga chiqsam, bir nechta qo`shnilar yig`ilib turishganini ko`rib, ularning oldiga bordim. Shu payt oldimizga keyinchalik ismi-sharifi ma`lum bo`lgan Narimonov Eldor keldi. U qarzdorlik bor-yo`qligi haqida ma`lumot berib yurgan ekan. Men ham unga uy manzilimni aytib, qarzim bor-yo`qligini bilib berishni iltimos qildim. Narimonov Eldor uyimda qarzdorlik borligini aytib, talabnoma berdi. Talabnomani o`qib ko`rsam, ushbu qarzdorlik marhum amakimning nomiga yozilgan ekan. Men Narimonov Eldorga amakim ancha yillar ilgari vafot etganini, farzandlari barcha qarzlarni to`lab kelishganini, shuning uchun bu qarzni to`lamasligimni aytdim. U esa “shu xonadonda endi siz yashayapsizmi, to`laysiz”, dedi. Bu gapdan jahlim chiqib, o`zaro janjallashib ketdik. Men Narimonov Eldorga bolam tengi ekanligini aytdim. U o`rindiqning orqa tarafiga o`tmoqchi bo`lganda, erdagi shoxlarga qoqilib, yiqilib tushdi. Keyin o`rnidan turib, oldimga keldi-da, sensirab muomala qildi. Eldorning bunday hurmatsizligi battar jahlimni chiqardi. Men uning yuziga musht tushirdim. Bizni qo`shnilar ajratib qo`yishdi. Voqeadan xabar topgan o`g`lim kelib, meni uyga olib kirib ketdi. Keyinchalik Narimonov Eldorning davolanishi uchun 5 million so`m etkazilgan zararni kopladim, undan kechirim so`radim. Hozirda qilmishimdan chin ko`ngildan pushaymonligimni inobatga olib, engilroq jazo berishingizni so`rayman.
“Muttahamlikda aybladi...”
Jabrlanuvchi Narimonov Eldor sudda quyidagilarni ma`lum qildi:
— Men Olmazor tumani Suv taqsimoti bo`limi boshqarmasi “Suvsoz” DUKda mutaxassis lavozimida ishlayman. Xizmat vazifalarimga iste`molchilarning sonini aniqlash, qarzdorlik mavjud bo`lgan fuqarolarni ogohlantirish haqida talabnoma tarqatish, ajratilgan hudud bo`yicha debitor va kreditor qarzdorliklarni bartaraf qilish, suv o`lchagichlarning yaroqliligini nazorat qilish kiradi. O`sha kuni rahbarimiz bizga suvdan qarzi bor fuqarolarni ogohlantirish, ularga talabnoma tarqatishni og`zaki ravishda buyurdi. Shundan keyin barcha xodimlar ko`chalar bo`ylab, taqsimlandi. Menga Kengashev Baxtiyor yashaydigan ko`cha biriktirildi. Ko`chada joylashgan o`rindiqda o`tirgancha o`sha erda yashovchi fuqarolarga talabnoma tarqata boshladim. Kengashev Baxtiyorga ham talabnoma berganimda u mazkur qarz o`ziga tegishli emasligini aytib, e`tiroz bildirdi. Men unga uyning hujjatlarini olib chiqib, ko`rsatsangiz aniqlik kiritamiz, dedim. Ammo u “uyning hujjatlarini olib chiqmayman, talabnomangni to`g`irlab yoz, bu talabnomangni ham qabul qilmayman”, dedi. Kengashev Baxtiyor meni muttahamlikda ayblab, haqoratlaganidan keyin o`rtamizda janjal kelib chiqdi. U mening yuzimga musht tushirdi. Jag`im qattiq og`riganligi sababli kasalxonaga bordim. Rentgenga tushganimda jag`im ikki joyidan singanligi ma`lum bo`ldi. Kengashev Baxtiyor davolanishim uchun 5 million so`m etkazilgan zararni kopladi, uzr so`radi. Hozirda sog`ligim yaxshi, unga nisbatan hech qanday da`vom yo`q.
Hukm o`qildi
Kengashev Baxtiyor Jinoyat kodeksining 105-moddasi, 2-qismi “v” bandi bilan aybli, deb topildi va unga nisbatan 3 yil ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi.
Mirziyod ABIDOV, Jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor tuman sudi sudyasi,
Lola ShOIMOVA, jurnalist.






