Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda yaqinda Respublika maxsus komissiya tomonidan kiritilgan karantin cheklovlari tugatilishi haqida asossiz xabarlar tarqaldi. Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati mazkur xabarlarga izoh berdi.
Respublika maxsus komissiyasi tomonidan bir qator cheklovlar bilan birga kafe, restoran va boshqa ko`ngilochar muassasalarning 08:00 dan 20:00 gacha ishlashiga ruxsat berilgan edi.
Mazkur holat yuzasidan Sog`liqni saqlash vazirligi shuni ma`lum qiladiki, ushbu tartiblar Respublika maxsus komissiyasi tomonidan ma`lum bir muddat uchun qabul qilingan emas, ya`ni epidemiologik vaziyat barqarorlashganda ushbu cheklovlar bekor qilinadi. Ammo hozirda ularga hech qanday o`zgarish kiritilmagan.
Agar karantin qoidalariga oid biror o`zgarish kiritilsa, buni Sog`liqni saqlash vazirligi rasmiy sahifalari orqali e`lon qilinadi. Shunday ekan, yurtdoshlarimizdan va ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan asossiz va tasdiqlanmagan xabarlar tarqatmasliklarini so`rab qolamiz.