AsosiyJamiyat

"Vaziyat cheklov choralarini ko`rishni taqozo etmoqda". Farg`onadan kelgan chorvaning “Burchmulla” o`rmon xo`jaligida boqishga ruxsat berilmayotganiga izoh berildi

'"Vaziyat cheklov choralarini ko`rishni taqozo etmoqda". Farg`onadan kelgan chorvaning “Burchmulla” o`rmon xo`jaligida boqishga ruxsat berilmayotganiga izoh berildi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqda Farg`ona vodiysidan kelgan fermerlarning mayda shoxli mollarini “Burchmulla” o`rmon xo`jaligida boqish bilan bog`liq muammolar yuzasidan videomurojaat e`lon qilingan edi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi munosabat bildirdi. 

Bir necha yillar davomida Toshkent viloyatining Bo`stonliq, Parkent va Ohangaron tumani yaylovlariga Farg`ona, Andijon va Namangan viloyatlari hamda mahalliy chorvadorlar tomonidan yozgi yaylov mavsumida 25 ming yirik shoxli va 75 ming mayda shoxli mollar keltirilib, boqiladi. Biroq, afsuski, mavsum davrida yaylovlardan foydalanishda veterinariya va sanitariya talablari qo`pol ravishda buzib kelinmoqda. 

Ya`ni, nobud bo`lgan, majburiy so`yilgan hayvonlarning tana qoldiqlari, qirqib olingan junlar to`g`ridan to`g`ri yaylovda qoldirib ketilyapti. Bundan tashqari, chorvachilik chiqindilari, so`yilgan mol qoldiqlari va nobud bo`lgan chorva va uy hayvonlari jasadlarini ko`mib tashlash o`rniga suv havzalariga, axlatxonalarga tashlab yuborish holatlari uchramoqda. Natijada bu holat tabiatning sof saqlanishi, o`simlik dunyosiga katta miqdorda zarar etkazmoqda. 
 

Ma`lumki, Ohangaron tumani O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan ixtisoslashtirilgan chorvachilik tumaniga va Bo`stonliq tumani Ekoturizm tumaniga aylantirilgan.
 

Ammo viloyat hududidagi yaylovlarga etkazilgan zarar, afsuski, tiklab bo`lmas darajadaga etib kelgan.

Shularni e`tiborga olib, tabiiy xilma-xillik, fauna va florani asrash va uni qayta tiklash vaqtinchalik cheklov choralarini ko`rishni taqozo etmoqda. Qolaversa, Toshkent viloyatida daraxtzorlar, yashil maydonlarni ko`paytirish ham asosiy maqsadlardan biri sanaladi.
 

Raqamlarga e`tibor beradigan bo`lsak, joriy yilning o`zida viloyat bo`yicha 2 million tup ko`chat ekish tashkil etilgan. Ularning 60 mingtasi Bo`stonliq tumani hissasiga to`g`ri keladi. Nihollarni betalafot o`sishi hamda ularni asrash uchun zarur ehtiyot choralari ko`rilmoqda.

Shuningdek, Bo`stonliq tuman hokimining 2021 yil 13 martdagi “Bo`stonliq tumani “Burchumulla” MFY hududidagi “Burchmulla” o`rmon xo`jaligida (yordamchi xo`jalik)da qoraoqsoq (brusellez) kasalligi aniqlanganligi sababli karantin o`rnatish to`g`risida”gi № 135-sonli qarori bilan O`zbekiston Respublikasi “Veterinariya to`g`risidagi Qonunining 28- moddasiga asosan, 2021 yilni 19 martidan karantin joriy etilgan. Shu munosabat bilan Bo`stonliq, Parkent va Ohangaron tuman yaylovlariga boshqa viloyatlardan keltirilgan chorva mollarini mavsumiy boqish vaqtincha to`xtatilgan.

Mazkur holatlarni hisobga olgan holda, boshqa viloyatlardan chorva boqish uchun kelgan fermerlar masalaga oydinlik kiritish uchun O`zbekiston Respublikasi O`rmon xo`jaligi davlat qo`mitasiga murojaat qilishi lozim.


 

    Boshqa yangiliklar