ShHTga a`zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig`ilishida ishtirok etish uchun Dushanbe shahriga kelgan O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov kecha Pokiston tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshi, Afg`oniston tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar va Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar bilan uchrashuvlar o`tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri
Tashqi ishlar vazirligi ma`lumotiga ko`ra, muzokaralar davomida ushbu mamlakatlar bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi. Ko`p tomonlama tuzilmalar, shu jumladan Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi o`zaro aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari ko`rib chiqildi.
2021-yil 15-16-iyul kunlari Toshkent shahrida bo`lib o`tadigan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o`zaro bog`liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» nomli yuqori darajadagi xalqaro konferensiyaga alohida e`tibor qaratildi.
Uchrashuvlarda Toshkent konferensiyasi o`z vaqtida o`tkazilayotgan va muhim xalqaro forum ekanligi, u nafaqat Janubiy va Markaziy Osiyo o`rtasidagi savdo-iqtisodiy o`zaro aloqalarni faollashtirishga yordam berishi, balki mintaqaviy barqarorlikni ta`minlashga ham samarali hissa qo`shishi ta`kidlandi.






