O`zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyat partiya tashkiloti raisi, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Niyozov Anvar Bobonazarovich vafot etdi. Bu haqda viloyat hokimligi ma`lum qildi.
Anvar Niyozov 1960 yil 24 oktyabrda Qorako`l tumanida tug`ilgan. 1983 yilda Toshkent Irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalashtirish injenerlari institutini tamomlagan.
Anvar Niyozov mehnat faoliyatini Respublika “O`zdavloyiha” er tuzish va loyihalash institutining Buxoro filialida muhandis sifatida boshladi. 1989 yilga qadar shu tashkilotda partiya boshlig`i, bosh muhandis lavozimlarida mehnat qildi.
1989-1999 yillarda Buxoro viloyati tabiatni muhofaza qilish qo`mitasida er nazorati inspeksiyasi boshlig`i, qo`mita raisining o`rinbosari, birinchi o`rinbosari vazifalarida ishlagan A.Niyozov 2000 yilda Buxoro viloyati tabiatni muhofaza qilish qo`mitasi raisi etib tayinlandi.
Ushbu lavozimdagi 17 yillik faoliyati mobaynida viloyatda atrof-muhitni muhofaza qilish, hududni obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish ishlariga bosh-qosh bo`ldi. Buxoroda ekoturizmni rivojlantirishda jonbozlik ko`rsatdi. Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati sifatida ekologik xavfsizlik ta`minlash, atrof-muhit va fuqarolar salomatligi muhofazasi, tabiiy resurslardan unumli foydalanish va ularni asrash bilan bog`liq xayrli tashabbuslarni ilgari surdi.
Mehnat faoliyatining so`nggi yillarida u O`zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyat partiya tashkiloti raisi sifatida mamlakatimiz ekotizimi barqarorligini ta`minlash yo`nalishida muhim qonunchilik tashabbuslarining ilgari surilishida jonbozlik ko`rsatdi. Shuningdek, viloyatda sanitariya-epidemiologik vaziyatni yaxshilash, insonlarga yashash muhiti omillarining zararli ta`sirini kamaytirish, uning hayot faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni ta`minlash, yuqumli va parazitar kasalliklar paydo bo`lishining hamda tarqalishining oldini olishga va ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarning ijrosi, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to`g`risidagi qonun hujjatlari buzilishlarining oldini olish, ularni aniqlash va bartaraf etish borasidagi ishlarda faol bo`ldi.
Buxoro viloyati hokimligi, xalq deputatlari viloyat Kengashi marhumning oila a`zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Mehnatkash, fidoyi inson Anvar Niyozovning yorqin xotirasi viloyat hokimligi jamoasi, deputatlik korpusi vakillarining qalbida mangu yashaydi.






