Bir necha kun avval jurnalist Rustam Jabborov ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifasi orqali koronavirusga qarshi emlash olgan bo`lsa-da, ayni paytda unda COVID-19 aniqlangani haqida post qo`ygan edi.
Unda ma`lum qilinishicha, Jabborov o`tgan yilning dekabr oylarida yurtimizga olib kelingan ilk vaksinalarning sinov jarayonida ishtirok etgan.
Ushbu xabardan so`ng, ko`plab fuqarolarda koronavirusga qarshi emlash olishning foydasi yo`q ekan-da, degan fikr paydo bo`lgan bo`lishi mumkin. Biroq, mutaxassislarning fikricha, vaksina olgan insonlar, koronavirusga chalingan taqdirda ham ularda kasallik juda engil o`tishi mumkin ekan. Ushbu fikrlar nechog`lik to`g`ri ekanini va ayni paytda emlashdan so`ng kasallikni yuqtirgan jurnalistning ahvoli qanday ekani bilan qiziqib, ularning o`zi bilan bog`landik.
"Bugun adashmasam, kasallikning oltinchi kuni. Shifokorlar tegishli muolajalarni tayinlashdi. Kasallik engil o`tayotgani uchun uyda davolanyapman. Mutaxassislar tez-tez ahvolimni surishtirib turishibdi.
Shu o`rinda bir narsani aytib o`tmoqchiman. Post qoldirishdan maqsad odamlarimizning vaksinaga bo`lgan ishonchini so`ndirish emas, aksincha, yanada ehtiyotkor bo`lishga chorlash edi, xolos. Avvalo, men tibbiyotchi emasman, vaksinalarning xususiyatini ham to`la tushuntirib berolmasman. Qolaversa, vaksina olganimdan beri yarim yilga yaqin vaqt o`tdi. Shu paytgacha uning biror bir nojo`ya ta`sirini sezmadim. Kasallikka chalinishim esa, bu avvalo, taqdir... Vaksina olgandan keyin ham ehtiyot choralarini ko`rib, karantin qoidalariga izchil amal qilish shart ekan. Ko`pchilik shifokor do`stlarim vaksina koronavirusdan saqlanishning hozircha yagona yo`li ekani, u hatto kasallikdan himoya qilolmagan taqdirda ham uning engil o`tishini ta`minlashini aytishmoqda.
Men ilgari koronavirusni ancha boshqacha tasavvur qilardim. Lekin u men o`ylaganimdan ko`ra ancha engil o`tyapti. Engilroq yo`tal, dastlabki kunlardagi ozroq harorat, bo`g`imlardagi og`riqlar ortda qoldi. Hid bilmayapman, xolos. Shularni aytmasa, soppa-sog`man, desa ham bo`ladi. Bu ham vaksina tufayli bo`lsa kerak. Shu bois, barcha-barchadan iltimos qilardim! Vaksina olish – shart! Butun dunyo aholisi hozir faqat vaksinadan umid qilmoqda. Milliardlab insonlar allaqachon turli vaksinalar bilan emlanishdi. Boshqa chora yo`q! Ehtimol biror bir vaksina hozircha kasallikdan yuz foiz himoya qilolmas. Lekin, hech bo`lmaganda kasallikning engil o`tishini ta`minlaydi.
Hozir izolyasiyadaman. Bo`sh vaqtimni kitob mutolaasi, ul-bul qoralash bilan o`tkazyapman. Har ishda bir hikmat bor deb bejiz aytishmagan. Bir paytlar “ko`zim ochlik qilib” do`kondan sotib olgan, ammo shu paytga qadar vaqt tig`izligi sabab o`qilmay kelayotgan kitoblarga navbat etdi", - deya o`z kechinmalari bilan o`rtoqlashdi Rustam Jabborov.






