AsosiyJamiyat

"Barcha kitoblar qaytarib olinadi" – Musulmonlar idorasi “Qur`oni karim suralari va duolari fazilati” kitobidagi xatoliklar bo`yicha bayonot berdi

'"Barcha kitoblar qaytarib olinadi" – Musulmonlar idorasi “Qur`oni karim suralari va duolari fazilati” kitobidagi xatoliklar bo`yicha bayonot berdi'ning rasmi

Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda “Qur`oni karim suralari va duolari fazilati” nomli kitobda “Baqara” surasidagi xatoliklar to`g`risidagi xabarlar keng tarqalmoqda. Ushbu masala yuzasidan O`zbekiston musulmonlari idorasi munosabat berdi. 

Ma`lum bo`lishicha, xatoliklar asosan “Baqara” surasida yo`l qo`yilgan bo`lib, oyatlardagi arabcha so`zlar texnik ishlanmalar natijasida o`rinlari almashib ketgan.

Kitobni nashrga tayyorlovchi Mirfathullo Qodirovning vakili-farzandi Mirodil Qodirov mazkur xatoliklar oxirgi chop etish jarayonida, ya`ni kitob maketini kompyuter dasturidan bosmaxona fayliga o`girishdagi e`tiborsizlik oqibatida yo`l qo`yilganini e`tirof etdi hamda barcha mo`min-musulmonlar va kitobxonlardan uzr so`radi.

Mualliflardan biri sifatida qayd etilgan Tavakkal domla Kenjaev (“Eshon Boboxon” masjidi imomi) esa ushbu kitobni tayyorlash va nashr etishda mutlaqo ishtirok etmagani, balki ushbu hurmatli domlaning roziligisiz nomlari yozilgani ma`lum bo`ldi. Nashrga tayyorlovchi mas`ullar Tavakkal domla Kenjaevdan ham yuzaga kelgan noqulayliklar uchun kechirim so`radi.

Nashrga tayyorlovchilar “Qur`oni karim suralari va duolari fazilati” kitobini qaytarib olishni o`z zimmasiga oladilar. Ushbu nuqsonli kitobni topshirish uchun Toshkent shahri “Chorsu” mavzesida joylashgan “Kitoblar dunyosi” majmuasidagi 10-rastaga topshirish mumkinligi ma`lum qilinadi.

Shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda yashovchi fuqarolar esa o`zlari sotib olgan sotuvchilarga topshirishlari tavsiya etildi. O`z navbatida, kitobning nuqsonli joyini to`g`rilab berish kafolatini ham nashrga tayyorlovchilar o`z zimmalariga oladi.

"Qur`oni karim – Alloh taoloning muborak Kalomi va Islom dinining eng buyuk shiori ekani nuqtai nazaridan O`zbekiston musumonlari idorasi Qur`oni karim bilan bog`liq matnlarni chop etishda nashriyotlar va bosmaxonalar mas`ullaridan diqqat-e`tiborni jiddiy qaratishga chaqiradi",–deyiladi idora bayonotida.

Boshqa yangiliklar