Rossiya Federasiyasining Sankt-Peterburg shahridagi “Promctroyregion” qurilish korxonasi yotoqxonalarida istiqomat qilayotgan o`zbekistonlik mehnat migrantlari bilan uchrashuv o`tkazildi. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi xabar berdi.
Mehnat migrantlariga huquqiy yordam ko`rsatish maqsadida mamlakatimizning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasi, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining vakolatxonasi va “Uzbekistan airways” AJ vakillari, mehnat migrantlari ishtirok etgan uchrashuvda joriy yil oktyabr oyida o`tkazilishi ko`zda tutilgan Prezident saylovida Bosh konsulxonada tashkil etiladigan saylov uchastkasi va unda ovoz berishi tartibi tushuntirildi.
Korxona rahbariyati bilan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida korxona hududida Prezident saylovlarida muddatidan avval ovoz berish uchun uchastkalar tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Fuqarolarga ko`chada yoki ish beruvchi bilan muammolar paydo bo`lganda zudlik bilan Bosh konsulxona, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining vakolatxonasiga murojaat qilishlari tushuntirildi. Murojaat uchun telefon raqamlari qoldirildi.
Uchrashuv yakunida mahaliy davlatning qonun-qoidalariga rioya etish va turli diniy ekstremistik ruhdagi oqimlar va taqiqlangan ommaviy namoyishlarga qo`shilmaslik to`g`risida tavsiyalar berildi.
Ma`lumot uchun, ayni paytda ushbu korxonada 600 nafarga yaqin fuqarolarimiz vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda.






