Bugun O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasining ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan va etim bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta`minlash, ularga tegishli shart-sharoitlar yaratish bo`yicha ishchi guruhi yig`ilishi o`tkazildi.
Yig`ilishda senatorlar, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili o`rinbosari – bola huquqlari bo`yicha vakil, Senat Kengashi qarori bilan tasdiqlangan Ishchi guruhi a`zolari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Ishchi guruh rahbari senator O.Iminov tomonidan qaror loyihasida ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan va etim bolalarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning institusional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirishga alohida e`tibor qaratilishi lozimligi ta`kidlandi.
Ishchi guruh a`zolari qaror loyihasiga:
- ota-ona qaramog`isiz qolgan bolalarni ijtimoiy-huquqiy qo`llab-quvvatlash bo`yicha amaldagi qonun hujjatlarini yagona qonunga mujassamlashtirish;
- voyaga etmaganlar ishlari bo`yicha respublika idoralararo komissiyasi va uning hududiy bo`linmalari, Xalq ta`limi vazirligining hududiy bo`linmalaridagi vasiylik va homiylik masalalari bilan shug`ullanuvchi tuzilma, mahalliy davlat hokimiyati organlari bo`linmalaridagi voyaga etmaganlar ishlari bo`yicha kotibiyat negizida Vazirlar Mahkamasi tarkibida vasiylik va homiylik ishlari bilan shug`ullanuvchi alohida tuzilma tashkil etish;
- bolalarni farzandlikka olgan oilalarni rag`batlantirishning differensiyalashtirilgan tizimini yaratish;
- shaxsga doir ma`lumotlarni sir saqlagan holda talabgorlar uchun vasiylik va homiylikka beriladigan bolalar haqidagi ma`lumotlarni onlayn olish imkoniyatini yaratish;
- farzandlikka olishni istovchi nomzodlarning elektron navbatini ishga tushirish;
- nogiron bolalar oila tarbiyasiga olinganda ularni patronaj bilan qamrab olish va zarur tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko`rsatish mexanizmini yaratish kabi masalalarni kiritish zarurligini qayd etishdi.
Ishchi guruhi tomonidan qisqa muddatda Qaror loyihasiga takliflar ishlab chiqilishi kelishib olindi.






