Koronavirus infeksiyasi oxirgi vaqtlarda butun dunyoda, shu jumladan, O`zbekistonda ham keng tarqala boshlagani xavotirga sabab bo`lmoqda. Butun dunyo tibbiyot sohasi olimlari emlash kasallanishning kamayishiga va oson kechishiga kafolat berishini e`tirof etmoqda.
Shunga ko`ra, so`nggi vaqtlarda O`zbekistonda ham emlashni majburiy qilish bilan bog`liq turli fikrlar paydo bo`lmoqda. Xususan, bu haqda "Milliy tiklanish" partiyasi rahbari Alisher Qodirov o`z mulohazalarini bildirdi.
"Mehnat Kodeksining 212-moddasiga muvofiq ish beruvchi xodimlarning kasaba uyushmasi bilan kelishgan holda mehnat jamoasining manfaatlaridan kelib chiqib xodimga majburiyat yuklashi mumkin.
Tashkilot mehnat jamosining sog`lom mehnat faoliyatini ta`minlash maqsadida xodimlariga koronavirusga qarshi emlanishni majburiy qilib qo`ysa bo`ladi.
Qolaversa, har birimizni bizga xizmat ko`rsatayotgan bank xodimi, sotuvchi, haydovchi, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari, tibbiyot va ta`lim sohasi xodimlarini kasallik tarqatuvchi emasligini kafolatlanishini talab qilishga haqqimiz bor.
Vaksina olishga majbur emassiz. Lekin, xavfsizlikni ta`minlash asosiy vazifasi bo`lgan, bizning ishonchimiz bilan vakolatli bo`lgan hukumat, epidemiologik xavfsizlikni ta`minlash maqsadida, emlanmaganlarning erkini cheklashi kerak.
Har birimiz erkin, lekin jamiyat oldida majburiyatlari bo`lgan fuqaro ekanimizni unutmasligimiz kerak.
Bugungi kunga kelib insoniyat ishonch bilan suyanayotgani - medisina birgina virusning davosini topib berolmadi. Bu hali muhokama qilinishi va tegishli baho berilishi kerak bo`lgan jiddiy masala, bu keyingi mavzu...
Hozircha virusni ihotalashning yakka-yu yolg`iz yo`li emlanish ekan, avvalo o`zimiz va yaqinlarimizning, qolaversa, atrofimizdagilar xavfsizligi uchun emlanishimiz shart", - deya yozib qoldirgan deputat.
Mavzuga doir:
Koronavirusga qarshi emlashni majburiy qilish kerak — Nurmat Otabekov






