Navoiy viloyati Jinoyat ishlari bo`yicha Navbahor tuman sudi ochiq sud majlisida “Navbahortumangaz” gaz ta`minoti idorasining 2 nafar mas`ul xodimiga nisbatan sud ishi ko`rib chiqildi. Bu haqda Oliy sudga tayanib UzA xabar bermoqda.
Ma`lum bo`lishicha, S.Xoliqov va D.Nurmatov (ismi-sharifi o`zgartirilgan) “Navbahortumangaz” gaz ta`minoti idorasida mas`ul lavozimlarda ishlab kelgan S.Xoliqov va D.Nurmatov (ismi-sharifi o`zgartirilgan)lar o`zlariga bildirilgan ishonchni suiste`mol qilgan holda nafsining quliga aylanadi.
“Navbahortumangaz” gaz ta`minoti idorasida sotilgan suyultirilgan uglevodorod gaz mahsuloti uchun aholidan yig`ib olingan pul mablag`larining kirim-chiqimi bilan bog`liq holatlar yuzasidan tekshirish o`tkazilganda, S.Xoliqov va D.Nurmatov o`zaro jinoiy til biriktirib, 2020 yilning yanvar oyidan 2021 yilning 1 fevral kuniga qadar 2 million 557 ming 200 tonna suyultirilgan uglevodorod gaz mahsulotini aholiga sotishdan tushgan jami 3 milliard 65 million 798 ming so`m naqd pul mablag`ini javobgarligiga qabul qilib olib, shundan qariyb 2 milliard 855 million 258 ming so`mini bank kassasiga kirim qilgani, qolgan 210 million 540 ming so`m naqd pul mablag`larini o`zlashtirish yo`li bilan talon-taroj qilib, davlatga juda ko`p miqdorda zarar etkazganligi aniqlangan.
Natijada S.Xoliqov va D.Nurmatov O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 167-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan ayblanib, sud ishi jinoyat ishlari bo`yicha Navbahor tuman sudi ochiq sud majlisida ko`rib chiqilgan.
Sud ishida “gazchi”lar tomonidan davlatga etkazilgan 210 million 540 ming so`m zarar to`liq qoplanganligi e`tiborga olindi, – deydi jinoyat ishlari bo`yicha Navbahor tuman sudi raisi Avazjon Ibodov.
Natijada Jinoyat kodeksining 45-moddasini qo`llagan holda ularning har biriga 1 yil 6 oy muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilish va oylik ish haqining 30 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanadi.