AsosiyJinoyat

11 yoshli bola ikki yil mobaynida amakisi tomonidan zo`rlab kelingan

'11 yoshli bola ikki yil mobaynida amakisi tomonidan zo`rlab kelingan'ning rasmi

Voyaga etmagan 11 yoshli bola 1973 yilda tug`ilgan, pedofil amakisi tomonidan 2 yil davomida zo`rlab kelingan. Holat tafsilotlari haqida bloger Aqida Hanum ma`lumotlariga tayanib, Zamon.uz xabar qildi.

 Shifokor, mahalla profilaktika inspektori va boshqalar ish ochish kerak desa, yaqin qarindoshlar esa "Eee qo`y, kerak emas! Xudoga solib qo`y", deya buni yashirib kelgan. Bu qanday qabihlik? O`z jigarining zuriyodini, o`z farzandidek bo`lgan jiyanini bu yo`lga etaklagan kimsani qanday atamoq kerak? Jirkanch vahshiylikning bir ko`rinishi emasmi?  

“ 1984 yilda tug`ilganman, — deydi uning onasi. — 3 nafar farzandim bor. Turmush o`rtog`im bilan ko`p janjallashib qolardik. Hatto, turmush o`rtog`im uyimizni sotib, bizni ko`chaga haydagan paytlar bo`ldi. Bir kunda 40-50 litr sut sotib kelganimda ham shu o`g`lim bilan bilan bitta non olib erdik, xolos. Ro`zg`orimizga yordam bo`lsin, deya ortiqcha narsa emasdim. Er-xotin bitta chorva fermasida ishlardik. Bir kuni o`g`limning zo`rlanganini bilib qoldim. Shunda turmush o`rtog`imga: “Akangiz o`g`limizni zo`rlab qo`yibdi, xabaringiz bormi desam, “ha bilaman. Lekin nima qilay? U meni akam. So`yib tashlamayman-ku” dedi...”

Ne-ne orzu-umidlar bilan o`zga uyga kelin bo`lib, ro`zg`orini but qilish uchun o`z huzur-halovatidan voz kechgan, to`qqiz oy qornida ko`tarib, ming azob ila farzandini dunyoga keltirib, 7 yoshida jigargo`shasini qaynakasiga farzandlikka bergan onaizorning ayni damdagi afsus-nadomatlari, alamlari  yolg`iz o`zigagina ayon. Hali bolalikning beg`ubor damlariga to`ymagan, yigitlikning nodir davrlarini his etib ulgurolmagan, orzulari olamlarga teng bu bolakayning gunohi ne edi? Qaysi aybi uchun bu kabi tahqirlikka munosib ko`rildi?  

- “Bu ish 2018 yilda boshlangan, — deydi u. — Birinchi buvamni tomorqasiga ekinlarni so`g`orishga borganimizda bo`lgan. Ikkinchisi 3-4 oydan keyin qo`yimiz qo`chqor tuqqanida shuni emizishga birga borganimizda bo`lgan. Og`riq zo`ridan ko`pincha buvamga aytmoqchi bo`lganman, ammo aytolmaganman. “Bu ish” anchadan beri davom etib kelardi. Bir kuni, noiloj, buvamga aytishga majbur bo`ldim. O`tgan yili may oyida oyim meni shifokorga olib bordilar...  

Or-nomus. Yaxshiyam, lug`atlarimizda shunday so`zlar bor. Yaxshiyam, bu so`zlarda tuyg`ularni silkitadigan, bir aytilganda, elning barchasini bo`lmasa-da, yarmini tik turg`azib yuboradigan qudrat bor. Yurakni sapchitadigan, ko`ngilni qo`zg`atadigan, hushyor va sergaklikka da`vat etuvchi chorlov bor.  Millatimizning jon tomirlariga tutash bir kuch bor. Aks holda, jamiyatimizda tez-tez qulog`imizga chalinib borayotgan bu kabi qabih illatlar ulug` rishtalar ortiga berkingancha, tobora urchib boraveradi.  

Andisha, o`zbekchilik, "mayli, jazosini olar"... Aynan mana shu xatolarimiz sabab jinoyat javobsiz qolaveradi. Begunoh bolalar taqdiri bir umr zulmatga aylanib, jamiyatda bosh egib yurishga mahkum etiladi.  Bugun odamgarchilik, jigarchilik deya bu kabi illatlarni yashirsak, ertaga bu holatlar takrorlanmasligiga kim kafolat beradi?  

Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi ma`lumotiga ko`ra, joriy yilning 4 iyun holatiga ko`ra, Reabilitasiya markazlariga zo`ravonlikdan himoya so`rab, 209 nafar erkak murojaat qilgan.

Hozirgi kunga qadar reabilitasiya markazlariga 4200 dan ortiq fuqaro murojaat qilgan. Ularning 3827 tasi ayol, 169 tasi bola, 209 nafari erkak.

Murojaat qilganlarning 1347 tasi ruhiy, 845 tasi jismoniy, 23 tasi jinsiy, 394 tasi iqtisodiy, 1596 tasi boshqa masalalarda zo`ravonlik holatlaridan shikoyat qilgan.

    Boshqa yangiliklar