So`nggi besh yilda qishloq xo`jaligini har tomonlama qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish bo`yicha 30 dan ortiq Farmon va qarorlar qabul qilingan. O`tgan yili 101 ming gektar, joriy yil birinchi yarim yillikda esa 190 ming gektar qo`shimcha er maydonlari o`zlashtirilgan. Oxirgi 3 yilda esa qishloq xo`jaligiga 1,5 trillion so`m subsidiya ajratilgan. Qishloq xo`jaligini barcha yo`nalishlarida klaster tizimi joriy qilinib (jami 650 ta klaster), ularga joriy yilning o`zida 6 trillion so`mdan ziyod kreditlar berilgan. Bu haqda ayni paytda bo`lib o`tayotgan videoselektor yig`ilishida ma`lum qilindi, deya xabar bermoqda "Darakchi" muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.
Lekin ko`rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay,qishloq xo`jaligida ishlab chiqarish prognozga nisbatan past ekanligi tanqid qilindi. Ta`kidlanishicha, Jahon banki tahliliga ko`ra, paxta va g`allada hosildorlikni o`rtacha 3 foizga oshirish hisobiga, qishloq aholisi uchun 900 mingta yangi ish o`rinlari yaratish mumkin.
“Viloyatlar hokimlari bir narsani yaxshi tushunib olishlari kerak”, - dedi prezident, - “Mamlakat aholisi har yili 600 mingdan ko`p oshmoqda, lekin oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o`sayotgan talabni qondira olmayapti. Buning oqibatida asosiy turdagi oziq-ovqatlar importi oshmoqda”.
Shuningdek, ikkinchi yarim yillikda 1,5 million tonna go`sht, 6,5 million tonna sut, 5 milliard dona tuxum, 364 ming tonna baliq, 6 ming tonna jun, 262 ming dona qorako`l, 785 tonna pilla ishlab chiqarish bo`yicha mas`ullarga topshiriqlar berdi.
Mavzuga doir:
O`tgan 6 oyda iqtisodiy ko`rsatkichlarimiz oshgan. Qaysi tarmoqlar hisobiga?






