AsosiyJamiyat

Nodavlat teleradiokanallar vakillari ishtirokida “Ozod yurt to`lqinlari” XIII media-festivali o`tkazildi

'Nodavlat teleradiokanallar vakillari ishtirokida “Ozod yurt to`lqinlari” XIII media-festivali o`tkazildi'ning rasmi

Poytaxtimizdagi “Residence Park Hotel Tashkent” (sobiq “Turkiston"mehmonxonasi)da O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan nodavlat teleradiokanallar vakillari ishtirokida “Ozod yurt to`lqinlari” XIII    media-festivali bo`lib o`tdi.

Unda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a`zolari hamda  Qonunchilik palatasi deputatlari, O`zEOAVMAga a`zo bo`lgan nodavlat markaziy va hududiy teleradiokanallar rahbarlari, xodimlari hamda jurnalistlar, axborot veb-saytlari vakillari, blogerlar ishtirok etdi.

Ta`kidlash joizki, mazkur festival O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi tashabbusi bilan bir qator vazirlik va idorlar, xalqaro va jamoat tashkilotlari hamkorligida 2008 yildan beri o`tkazib kelinadi. Ushbu festivaldan ko`zlangan maqsad milliy jurnalistikamizni rivojlantirish, ommaviy axborot vositalari faoliyatini erkinlashtirish, xususan nodavlat teleradiokanallarning moddiy texnika bazasini mustahkamlash, ushbu yo`nalishda xizmat qilayotgan ijodiy va texnik xodimlarni qo`llab-quvvatlashdan iborat. 

Festival avvalida O`zEOAVMA Boshqaruvi raisi F. Abduxoliqov so`nggi yillarda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishga qaratilayotgan e`tibor, so`z erkinligi, amalga oshirilayotgan islohotlar va jamiyatimiz hayotidagi ayrim muammolarni yoritishda jurnalistlardan oshkoralik, xolislik hamda adolatli yondashuvlar, davlatimiz rahbari tomonidan so`nggi yillarda ijod ahliga ko`rsatilayotgan alohida g`amxo`rlik va yuksak e`tibor mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlarini yangidan-yangi yuksak marralar sari chorlayotgani, ijodiy barkamollikka undayotganini alohida to`xtalib o`tdi.

Ta`kidlash joizki, 2021 yilning aprel oyida O`zEOAVMA tomonidan ishlab chiqilgan “Yangi O`zbekiston. Yangi nigoh” media dasturi ham o`zida 60 ta yirik loyihani jamlagan bo`lib, ular orasida Yangi O`zbekiston g`oyasini o`zida mujassam etgan, islohotlar mohiyatini ochib beruvchi, mamlakatimiz yangi qiyofasini xalqaro jamoatchilikka etkazadigan media mahsulotlar tayyorlash hamda nodavlat teleradiokanallarning moddiy texnika bazasini mustahkamlash, ularda faoliyat ko`rsayotgan ijodiy va texnik xodimlar malakasini oshirish singari masalalarga alohida o`rin ajratilgan.

Shu maqsadda joriy yil 2 iyul kuni assosiasiya a`zolarining navbatdagi yig`ilishida teleradiokanallarga 1 milliard so`mlikdan ziyod zarur texnikalar, asbob-uskunalar topshirilgan edi. 19 avgust kuni O`zEOAVMA Konferensiyasida a`zolarga, xususan, markaziy telekanallar faoliyatini rivojlantirish uchun har biriga 500 mln. so`m, hududiy telekanallarga 200 mln. so`m, markaziy radiolarga o`rtacha 120 mln so`mdan, hududiy radiokanallarga 60 mln so`mdan,  jami 9 mlrd. so`m mablag` ajratildi. 

Festival doirasida O`zEOAVMAga a`zo teleradiokanallarda faoliyat ko`rsatayotgan hamda axborot agentliklari jurnalistlari, blogerlardan – 104 nafar ijodiy va texnik xodimlarga “O`zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni tantanali topshirildi va ular umumiy qiymati 530 million so`mlik noutbuklar va boshqa sovg`alar bilan taqdirlandi. Taniqli san`atkorlar ijrosidagi kuy-qo`shiqlar, bayram tomoshalari tadbir ishtirokchilarini xushnud etdi.

    Boshqa yangiliklar