Avvalroq O`zbekiston OTMlarining 2021/2022-o`quv yili uchun to`lov-kontrakt puli miqdorlari e`lon qilingani haqida xabar bergan edik.
Ma`lumki, ushbu yil to`lov-kontrakt miqdori 10 foizga oshgan. Ammo bu talabalar o`rtasida turli savollarga sabab bo`ldi.
Shu sababli Oliy ta`lim vazirligi mazkur jarayon haqida batafsil tushuntirish berdi.
Unga ko`ra, 2019/2020-o`quv yilidan boshlab respublika oliy ta`lim muassasalarida ta`lim yo`nalishlari bo`yicha bitta talabani to`lov-kontrakt shaklida bir yillik o`qitish qiymati mehnatga haq to`lashning eng kam miqdori barobarida belgilangan bo`lib, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon va Hukumat qarorlari bilan ish haqi miqdorlari oshirilganda to`lov-kontrakt narxlari ham oshirilib boriladi.
"2020/2021-o`quv yili boshida koronavirus pandemiyasi davrida aholini ijtimoiy himoya qilish, xususan, aholining to`lov qobiliyati pasayishini hisobga olib, talabalarni qo`llab-quvvatlash maqsadida bazaviy to`lov-kontrakt miqdorlariga (ya`ni stipendiyasiz summaga) 10 foiz miqdorda chegirma qilingan edi.
Ya`ni 2021 yil 1 fevraldan ish haqi miqdorlari 10 foizga oshirilgan bo`lsada, o`quv yili uchun chegirma berilgan bazaviy kontrakt miqdori saqlab qolindi.
Misol tariqasida oladigan bo`lsak, pedagogika, texnika, gumanitar fanlar ta`lim yo`nalishlari bo`yicha kunduzgi shaklda to`lov-kontrakt miqdori chegirma hisobiga 5 771 349 so`m etib belgilangan edi. Aslida esa mazkur yo`nalishlarda kontrakt miqdori 2020 yil 1 sentyabrdan 6 412 610 so`m, 2021 yil 1 martdan boshlab esa o`quv yili uchun belgilangan miqdorga nisbatan 16 foiz yuqori, ya`ni 6 733 555 so`m miqdorida bo`lishi kerak edi", – deyiladi xabarda.
"Yuqoridagilarni inobatga olib, belgilangan tartibga muvofiq 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab 2021/2022 o`quv yili uchun (stipendiyasiz) bazaviy to`lov-kontrakt miqdorlari ta`lim yo`nalishlariga qarab 7 759 440 so`mdan 11 869 440 so`mgacha belgilanib, 34,4 foizga oshirilishi lozim edi.
Shunga qaramasdan, Davlat komissiyasining qabul qilgan qaroriga asosan bugungi kunda respublikadagi pandemiya sharoitini inobatga olib, bazaviy to`lov-kontrakt miqdorlari haqiqatda o`rnatilishi lozim bo`lgan miqdorlarga nisbatan kamaytirilgan miqdorlarda tasdiqlandi, ya`ni 2021/2022-o`quv yilida to`lov-kontrakt miqdorlari 10 foiz oshirilmagan, balki o`rnatilishi lozim bo`lgan miqdorga nisbatan 21,1 foizga kam etib belgilangan", –xabar berdi vazirlik.
Ma`lumotga ko`ra, bunda koronavirusga qarshi ixtiyoriy ravishda emlangan kunduzgi ta`lim shaklida tahsil olayotgan talabalar uchun kontrakt miqdori o`zgarishsiz qoladi.