Bo`stonliq tumanidagi "Amirsoy" kurort zonasida naqd 700 tup qimmatbaho daraxt kesib tashlandi. Bu haqda Rasul Kusherbaev ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali ma`lum qildi va holat bo`yicha o`z fikrlarini bayon qildi.
"Holat bo`yicha ekologiya qo`mitasi tomonidan prokuraturaga taqdim etilgan materiallar imi-jimida yopilib ketmasligi kerak. Gap ortga qaytarib bo`lmaydigan 700 tup daraxt va salkam 400 million so`mlik tabiatga etkazilgan zarar haqida ketmoqda. O`zi kurort ma`muriyati odamlar tog`ning daraxtzor tabiatida dam olish uchun ham kurortlarga borishini bilarmikan", — deydi deputat.
Ma`lumotlarga ko`ra, holat nazoratga olingan. Bosh prokuror matbuot kotibi buni ta`kidlamoqda.
"Bo`stonliq tumanidagi "Amirsoy" kurort zonasida 700 tup atrofidagi qimmatbaho daraxtlar kesib tashlanganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi (Ekinzorlarni, o`rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o`simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi", — deydi Hayot Shamsuddinov.