AsosiyJamiyat

O`zbekistonda har yili hokimliklar 100 nafar, moliyaviy barqaror OTM 50 nafar xotin-qiz talabani bepul o`qitishi mumkin

'O`zbekistonda har yili hokimliklar 100 nafar, moliyaviy barqaror OTM 50 nafar xotin-qiz talabani bepul o`qitishi mumkin'ning rasmi

Hukumat qarori (577-son, 17.09.2021 y.) bilan Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo`q yolg`iz ayollar oliy ta`lim olishlarini moddiy jihatdan qo`llab-quvvatlash tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko`ra, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2021/2022-o`quv yilidan boshlab har yili o`zlarining hududlaridan o`qishga kirgan 25 nafardan hamda 2-4-kurslarda o`qiyotgan 75 nafar (har bir kursdan – 25 nafardan), jami 100 nafar xotin-qizlar uchun to`lov-kontrakt summasini to`rt o`quv yilining yakunlanishiga qadar to`lab beradi.

Moliyaviy barqaror davlat OTM tomonidan ularning kengashlari qaroriga muvofiq, 50 nafargacha xotin-qizlar birinchi o`quv yilida bepul o`qitiladi.

️Bunda talabgorlarning keyingi o`quv yillari uchun ta`lim kreditlari rasmiylashtiriladi. Hokimliklar o`z hududlaridagi talabgorlar uchun uchinchi shaxs kafilligini beradi hamda o`qishni tamomlagandan so`ng ularni ish joyi bilan ta`minlaydi.

Talabgorlarni tanlab olish quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:

— otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan muhtoj qizlar;

— boquvchisi yo`q ehtiyojmand yolg`iz ayollar.

Bunda yuqoridagi mezonlarga mos keluvchi xotin-qizlar test natijalari e`lon qilingan kundan boshlab ijtimoiy holati to`g`risidagi ma`lumotnomani har yili 10 kun ichida OTM qabul komissiyasiga taqdim etadi.  

Davlat OTM 5 kun mobaynida ro`yxatni shakllantirib, hokimliklarga yozma ravishda ma`lumotlarni yuboradi.

Shunga ko`ra, Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo`q yolg`iz ayollar oliy ta`lim olishlarini moddiy jihatdan qo`llab-quvvatlash komissiyasi 15 kunda (lekin har o`quv yilida 15-sentyabrdan kech bo`lmagan muddatda) talabgorlar ro`yxatini hamda shartnomani imzolash bo`yicha xulosalarni davlat OTMga yozma ravishda kiritadi va belgilangan tartibda shartnomalarni rasmiylashtiradi.  

Mazkur tartib to`lov-kontrakt asosida davlat OTM bakalavriatiga (kunduzni, sirtqi, kechki ta`lim shaklidan qat`i nazar) talabalikka tavsiya etilgan hamda 2-4 kurslarda tahsil olayotgan talabgorlarga qo`llaniladi.

Quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:

  • ikkinchi va undan keyingi oliy ta`lim olish uchun tanlovda ishtirok etgan talabgorlarga;
  • O`zbekistonda joylashgan xorijiy OTM yoki ularning filiallari, nodavlat ta`lim xizmatlari bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlik subektlariga;
  • oliy harbiy ta`lim muassasalariga.

Talabgorlar joriy o`quv yili davomida OTMni yoki ta`lim yo`nalishini o`zgartirsa yoxud talabalar safidan chetlashtirilsa mazkur imtiyozdan foydalanib bo`lmaydi.

Talabgorlarni tanlab olish natijalari “Aziz-ayol.uz” Yagona interaktiv milliy platformasi orqali e`lon qilinadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar