Namanganda tuman MIB rahbari fuqaroni o`qishga kiritib qo`yishini aytib pora bilan qo`lga tushdi.
Bu haqda DXX matbuot xizmati "Darakchi"ga xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha, Namangan viloyatidagi tumanlardan birining Majburiy ijro byurosi rahbari mahalliy fuqaroning Qirg`iziston Respublikasi Jalolobod davlat universitetidagi o`qishini Andijon davlat tibbiyot institutiga ko`chirishda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligidagi tanishlari orqali yordam berishini aytib, buning evaziga 700 AQSh dollari so`raydi va muqaddam ushbu puldan 300 AQSh dollari hamda 1 mln. 50 ming so`m oladi.
U so`ralgan pulning qolgan qismini berishini talab qilib, 200 AQSh dollari va 1 mln. 50 ming so`m olgan vaqtida DXXning Namangan viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat prokuraturasi hamda Departamentning hududiy boshqarmasini jalb etgan holda o`tkazilgan tezkor tadbirda ushlanadi.