Bugun, 28 oktyabr kuni Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi tashabbusi bilan birinchi marta respublikaning barcha hududlarida “milliy suvenirlar” festivali tashkil etildi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi ma`lum qildi.
Tadbir O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 fevraldagi “O`zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni asosida o`tkazildi.
Festival ichki va tashqi turizmni jadal rivojlantirish, yurtimiz fuqarolari va xorijlik sayyohlar o`rtasida mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosini keng targ`ib qilish, O`zbekistonning sayohat va dam olish uchun xavfsiz manzil sifatida imijini mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Tadbir tashkilotchilari ta`kidlashicha, festival ishtirokchilari tomonidan yaratilgan milliy suvenirlar savdosini yo`lga qo`yish orqali respublikamiz muzeylari va madaniy meros obektlariga tashrif buyuruvchilarni jalb etish hamda shu orqali ushbu obektlarning faoliyatini keng targ`ib qilish hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga, hunarmandlar bandligini ta`minlashga hamda ularni ham moddiy, ham ma`naviy qo`llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, festival doirasida hunarmandlarning ko`rgazma-savdosi, ko`rik-tanlovlar, mahorat darslari o`tkazildi hamda folklor-etnografik guruhlari va badiiy jamoalarining chiqishlari tashkil etildi.
Butun respublika miqyosida o`tkazilayotgan tadbirlar quyidagi madaniy meros obektlarida o`tkazilmoqda:
-Toshkent shahrida O`zbekiston amaliy san`at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi;
-Qoraqalpog`iston Respublikasi Tarixi va madaniyati muzeyi;
-Andijon viloyati tarixi va madaniyati muzeyi;
-Buxoro viloyati “Buxoro” davlat muzey-qo`riqxonasi;
-Jizzax viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi;
-Toshkent viloyati Angren shahar tarixi muzeyi;
-Farg`ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi;
-Xorazm viloyati “Ichan qal`a” davlat muzey qo`riqxonasi.
-Qashqadaryo viloyati “Shahrisabz” davlat muzey-qo`riqxonasi;
-Samarqand viloyati “Samarqand” davlat muzey-qo`riqxonasi;
-Surxondaryo viloyati “Termiz” davlat muzey-qo`riqxonasi;
-Navoiy viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi;
-Namangan viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi;
-Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat davlat muzeylarida bo`lib o`tadi.
Festivalning rasmiy ochilish va yopilish marosimi O`zbekiston amaliy san`at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida bo`lib o`tishi rejalashtirilgan. Tadbir doirasida “Eng yaxshi suvenir” nominasiyasi bo`yicha har bir hudud uchun alohida 1chi, 2chi va 3chi sovrinli o`rinlar belgilandi va g`oliblarni tadbir so`ngida munosib taqdirlash belgilangan.