Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor ALIMOV is gazidan zaharlanganlarga qanday yordam ko`rsatish kerakligini tushuntirdi.
Shifokor ozgina e`tiborsizlik bemorda ortga qaytmas salbiy o`zgarishlaga sabab bo`lishi mumkinligini ta`kidlaydi.
" Is gazidan zaharlangan insonga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko`rsatish lozim. Boisi ozgina e`tiborsizlik bemorda ortga qaytmas salbiy o`zgarishlaga sabab bo`lishi mumkin. Qolaversa, jabrlanuvchini imkon qadar tezroq toza havoga olib chiqish, nafas olishni engillashtirish – nafas yo`llarini tozalash, kiyimlarini echish, tilni orqaga ketib qolishini oldini olish uchun bemorni yonboshlab yotqizish zarur.
Shuningdek, nafasni stimullash, ko`krak qafasini artish, oyoq va qo`llarni isitish, eng asosiysi, tez tibbiy yordam chaqirish lozim. Hatto, bemor ko`rinishidan qoniqarli ahvolda bo`lsa ham shifokor ko`rigidan o`tishi shart.Sababi har doim ham kasallik belgilariga asoslanib haqiqiy zaharlanish darajasini aniqlab bo`lmaydi. Bundan tashqari, zaharlanishda o`z vaqtida boshlangan davolash muolajalari asoratlar va o`lim xavfini kamayishiga ijobiy yordam beradi.
Og`ir daraja zaharlanish holatlarida jabrlanuvchiga reanimasion chora-tadbirlar o`tkaziladi – tibbiyot xodimlari kelguniga qadar og`izdan-og`izga nafas, yurak yopiq massaji olib boriladi", — deydi D. ALIMOV
— Is gazidan zaharlanishni oldini olishda nimalarga e`tibor qaratish lozim?
"Aholi xonadonlarida ishlatiladigan isitish pechlarining dudburon qopqoqlari, yorilgan joylari, o`tkazuvchanligi va shamollatish tizimi sozligini o`z vaqtida tekshirib turish lozim. Shu bilan birga, isitish uchun qo`lbola, sertifikatlanmagan moslamalardan foydalanmaslik, gaz plitalari, nosoz gaz kolonkalari bilan yashash uylarini isitmaslik zarur. Agar bino ichida gaz hidi paydo bo`lsa, darhol tuman gaz idorasi xodimlariga murojaat qilish lozim",–deydi shifokor.






