Sal avval ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent avtovokzali xavfsizlik xizmati xodimi tomonidan fuqaroga nisbatan kuch ishlatilganligi to`g`risidagi video lavha tarqaldayotgani haqida xabar qilingan edi.
Mazkur holat yuzasidan Transport vazirligi Axborot xizmati “O`zavtovokzal servis” DUKning rasmiy izohini e`lon qildi.
Ma`lum qilinishicha, mazkur holat joriy yinning 24 oktyabr kuni sodir bo`lgan. Ijtimoiy tarmoqda e`lon qilingan holatni tasvirga olgan “jabrlanuvchi” fuqaro Surxondaryo viloyati Termiz shahrida istiqomat qiluvchi M.A avtovokzal qo`riqlash xizmati xodimi o`ziga nisbatan kuch ishlatilishi bilan bog`liq holat ro`y berishdan avval Toshkent avtovokzalining kutish zaliga kirib, bu erda o`z mehnat faoliyatini olib borayotgan ayol xodimlarni uyatli so`zlar bilan so`kib, haqoratlab jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi xatti-harakatlarni sodir etgan.
O`z navbatida avtovokzal qo`riqlash xizmati xodimi N.A voqea joyiga etib kelib, jamoat tratibini buzayotgan fuqaro M.A ga nisbatan qonuniy chora ko`rishni ta`minlash maqsadida uni ushbu hududa joylashgan milisiya tayanch punktiga olib bormoqchi bo`lgan vaqtida o`z xizmat vakolatidan chetga chiqish bilan bog`liq harakatlarni sodir etgan.
“O`zavtovokzal servis” DUK ushbu voqea yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda holat yuzasidan o`rganish va surishtiruv ishlarini olib bordi.
O`rganish natijalariga ko`ra fuqaro M.A Toshkent avtovokzali hududida jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi xatti-harakatlarni spirtli ichimlik ta`siri ostida sodir etgani ma`lum bo`ldi. Shuningdek, avtovokzal qo`riqlash xizmati xodimi N.A o`z xizmat vakolatidan chetga chiqish bilan bog`liq harakatlarni sodir etganligi oydinlashdi.
Ushbu holat yuzasidan fuqaro M.A va avtovokzal xodimi N.A ga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 183 – moddasi “mayda bezorilik” bo`yicha ma`muriy ish ochilgan.
Kelgusida bu kabi holatlar takrorlanmasligini oldini olish maqsadida Toshkent avtovokzali barcha xodimlar qat`iy ogoxlantirilib, yo`lovchilarga xushmuomalada bo`lishlari, odob-axloq qoidalariga qat`iy rioya etishlari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.






