Navoiy viloyati Karmana tumani hududidan oqib o`tuvchi Zarafshon daryosida baliqlar ommaviy zaharlangani haqida xabar berilgan edi.
Ushbu holat bo`yicha viloyat prokuraturasi bergan bayonotga ko`ra, tegishli soha mutaxassislari jalb qilingan holda keng qamrovli tekshiruv o`tkazilgan.
Bu jarayonda sanoat korxonalaridan Zarafshon daryosiga oqizilgan chiqindi suvlar tarkibi va nobud bo`lgan baliqlarda maxsus laboratoriya va ekspertiza tahlillari o`tkazilib, tegishli xulosalar olingan va boshqa holatlar atroflicha o`rganilgan.
Tekshiruv natijalari, Zarafshon daryosiga azot ammoniy, nitrit va boshqa kimyoviy moddalar me`yoridan ortiqcha miqdorda oqizilganligi oqibatida daryodagi ko`plab baliqlar nobud bo`lganligini ko`rsatgan.
Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan joriy yil 28 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 196-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






