AsosiyJamiyat

Toshkent viloyatidagi umumiy ovqatlanish nuqtalarining 809 tasiga soliq imtiyozi berildi

'Toshkent viloyatidagi umumiy ovqatlanish nuqtalarining  809 tasiga soliq imtiyozi  berildi'ning rasmi

Koronavirus pandemiyasi boshlanishi bilan umumiy ovqatlanish korxonalari o`z faoliyatini vaqtinchalik to`xtatishiga to`g`ri keldi.

Karantin cheklovlari yumshatilganidan so`ng ular uchun qiyin moslashish davri boshlandi. Endi ular yo`qotilgan daromadning o`rnini to`ldirish bilan birga yangi sanitariya-epidemiologik talablarga mos sharoitlarda ishlashga o`rganishlari ham kerak.

Inqiroz xizmat ko`rsatishga asoslangan biznesning nechog`lik zaifligini ham ko`rsatdi. U nafaqat ichki omillar, balki dunyoda yuz berayotgan voqealarga ham bog`liqdir.

Umumiy ovqatlanish korxonalari va sayyohlik firmalarini qo`llab-quvvatlash maqsadida davlatimiz ularga qator imtiyozlar taqdim etishni rejalashtirmoqda.

Xususan, Prezidentimizning 2021 yil 25 avgustda qabul qilingan «Umumiy ovqatlanish va turizm sohalarini qo`llab-quvvatlashning qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga muvofiq, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab, 2021 yil 31 dekabrga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari yuridik shaxslardan olinadigan er solig`i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to`lashdan ozod qilinadi. Ularga aylanmadan olinadigan soliq, foyda solig`i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, yuridik shaxslardan olinadigan er solig`i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yig`imlar bo`yicha 2021 yil 15 avgust holatiga ko`ra mavjud qarzdorlikni kechiktirib (bo`lib-bo`lib) to`lash huquqi beriladi. Ularga shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza yubormasdan turib, barcha soliqlar bo`yicha jarima va penyalarni 2022 yil 1 yanvardan 1 iyulga qadar foizlarni undirmasdan teng miqdorlarda kechiktirib to`lash huquqi beriladi.

Ta`kidlash kerakki, birgina Toshkent viloyatida 1100 dan ortiq umumiy ovqatlanish korxonasi mavjud bo`lib shundan, qiyinchilikka uchrayotgan 809 ta umumiy ovqatlanish korxonasiga yil oxiriga qadar yuridik shaxslardan olinadigan er va mol-mulk soliqlaridan imtiyoz berildi. Ular jami 1.9 mlrd. so`m, jumladan, er solig`idan 1.4 mlrd. so`m, mulk solig`idan 0.6 mlrd. so`m to`lashdan ozod qilindi.

Shuningdek, ularning hozirgi kundagi mavjud 8 mlrd. so`m qarzlari bo`yicha to`lov muddatlari joriy yil yakunigacha uzaytirilishi ushbu tadbirkorlik sub`ektlariga yana keng imkoniyatlar yaratib beradi.

    Boshqa yangiliklar