Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi rahbari Inson resurslarini rivojlantirish xizmatining vise-prezidenti bilan uchrashuv o`tkazdi.
Uchrashuvda mehnat migrasiyasi jarayonlarini bosqichma-bosqich tiklash masalasi ko`tarildi, deya xabar bermoqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi Axborot xizmati.
Dastavval O`zbekiston Respublikasida koronavirus bilan kunlik zararlanish holatlari kamayganligi hamda yurtimizdagi mavjud vaksina turlari haqida batafsil ma`lumot berildi.
Vise-prezidentning so`zlariga ko`ra, hozirda O`zbekiston Respublikasidan mehnat migrantlari kirib kelishini qisman tiklash rejalashtirilmoqda. Bunda, birinchi navbatda to`liq emlashdan o`tgan 4 yilu 10 oy Koreya Respublikasida bir korxonada ishlab qaytgan fuqarolarni kiritish ko`zda tutilganligi ma`lum qilindi.
O`z navbatida, mehnat migrantlarining Koreya Respublikasiga muntazam kirib kelishini ta`minlashda karantin qoidalariga qat`iy rioya qilish muhim o`rin egallashi ta`kidlandi.
Shuningdek, uchrashuvda tanlovlar bazasida muddat qo`shib berilgan fuqarolarga ikkinchi bor muddat qo`shib berish bo`yicha ham muzokaralar olib borildi va mazkur masala Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan yaqin kunlarda ko`rib chiqilishi qayd etildi.






