Namanganda sudlar tomonidan 2021 yil 9 oyi davomida korrupsiya bilan bog`liq 221 ta jinoyat ishi ko`rib chiqildi. Bu viloyatda shu muddat davomida ko`rilgan jami jinoyat ishlarining 7,9 foizini tashkil etadi. Bu haqda korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi matbuot anjumanida viloyat sudi sudyasi Jasur Qurbonov ma`lum qildi, deya xabar bermoqda «Daryo» muxbiri.
Qurbonovning aytishicha, ko`rib tamomlangan jinoyat ishlari bo`yicha 57 kishiga ozodlikdan mahrum qilish, 62 kishiga ozodlikni cheklash, 75 kishiga jarima, 158 kishiga axloq tuzatish ishlari va 2 kishiga majburiy jamoat ishlari jazosi tayinlangan.
«Mazkur toifdagi jinoyatlarning sodir etilishi sohalari tahlili natijasiga ko`ra, sudlanuvchilarning 37 nafarini sog`liqni saqlash, 24 nafarini ta`lim, 16 nafarini bank, 8 nafarini qurilish, 6 nafarini hokimlik, 2 nafarini IIB, 2 nafarini Adliya va 1 nafarini MIB vakillari tashkil etgan. Tahlillardan ko`rinib turibdiki, hisobot davrida sog`liqni saqlash, ta`lim va bank sohasi vakillari tomonidan eng ko`p korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etilgan», — deydi Jasur Qurbonov.






