Shu yilning aprel oyida O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 33 yoshli xodimi Samir Rahmonov vafot etgan edi.
Rasul Kusherbaevning aytishicha, marhumning otasi deputatga murojaat qilib, o`g`li xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda ish joyida vafot etganligi, to`rt nafar voyaga etmagan farzandlari boquvchisiz qolsa-da, uning oilasiga qonunga asosan kafolatlangan nafaqa pullari to`lab berilmayotganini bildirgan.
Murojaatga tikilgan tibbiyot xodimlarining 26.04.2021 yildagi 10-sonli dalolatnomasida soat 10.35da tibbiyot bo`limiga prokuratura xodimlari tomonidan S.Rahmonovning jasadi olib kelingani bildirilgan.
«Demak marhumning ish vaqtida ish joyida vafot etgani inkor etib bo`lmas fakt.
Mehnat kodeksining 192 va 194-moddasida xodim mehnat vazifalarini bajarish sababli vafot etsa zararni to`lashi shartligi, xodimning vafoti munosabati bilan ish beruvchi tomonidan bir yo`la beriladigan nafaqaning miqdori, marhumning olti yillik o`rtacha ish haqidan kam bo`lishi mumkinmasligi belgilangan.
Shuningdek, «Prokuratura to`g`risida»gi Qonunning 51-moddasida prokuratura organlari xodimlarining hayoti va sog`lig`i davlat himoyasida bo`ladi hamda respublika byudjeti mablag`lari hisobidan davlat tomonidan majburiy tartibda sug`urtalanishi va sug`urta organlari prokuratura xodimi ishlayotgan davrida vafot etsa, uning merosxo`rlariga Mehnat kodeksining 194 moddasi 2-qismida nazarda tutilgan tartibda sug`urta summasini to`lashi ko`rsatib o`tilgan.
Biroq Bosh prokuratura tomonidan marhum xodimning oila a`zolariga qonunda belgilangan nafaqa pullari berilmagan. Oxiri marhumning otasi adolat izlab sudga arz qilgan.
FIB Mirobod tumanlararo sudi esa da`vo arizani qanoatlantirishdan rad etgan. Sudlarimizning hozirgi ahvolida Bosh prokuraturaga qarshi da`voni qanoatlantirish ehtimoli past bo`lsa-da, marhumning otasi qonun ijrosi ta`minlanishi umidida qaror ustidan Toshkent shahar sudiga apellyasiya shikoyati keltiribdi: axir adolat qaror topishi kerakku», deydi deputat.






