“Mahalliy va xorijiy investorlar tomonidan soliqlarni to`lashni kechiktirish mexanizmlarini takomillashtirish to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, 2022 yil 1 yanvardan tadbirkorlik sub`ektlariga (davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo`lgan korxonalar, er qa`ridan foydalanuvchilar va aksiz osti mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar bundan mustasno) umumiy maydoni 1 000 kvadrat metrdan ortiq bo`lgan er uchastkalari, bino va inshootlarga nisbatan mulk huquqini qo`lga kiritganda mol-mulk solig`i va er solig`i bo`yicha hisoblangan soliqlarni to`lashni 6 oyga kechiktirish huquqi beriladi.
Bunda:
➖ soliqlarni to`lashni kechiktirish mulk huquqi davlat ro`yxatidan o`tkazilgan kundan boshlab 3 oy muddat ichida davlat soliq xizmati organlarini xabardor qilgan va uning to`lanishini ta`minlash (garov) talab etilmagan holda amalga oshiriladi;
➖ soliqlarni to`lashni kechiktirishning amal qilish muddati xabarnoma yuborilgan kundan boshlab hisoblanadi hamda uning tugagan sanasidan boshlab kechiktirilgan soliq summasi hisoblangan foizlar bilan birga teng ulushlarda bir yil davomida to`lab beriladi. Soliq to`lash muddatlarini o`zgartirish imkoniyatini berishdan foydalanganlik uchun foizlar soliqlar kechiktirilgan sanadan boshlab Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdorida hisoblanadi;
➖ er uchastkasi, bino va inshootlar soliq to`lovlarini kechiktirish muddati davomida sotilgan yoki ijaraga berilgan taqdirda, mol-mulk solig`i va er solig`i bo`yicha kechiktirish muddati davomida hisoblangan soliq summasi to`liq miqdorda undiriladi;
➖ soliq qonunchiligini buzish xavfi yuqori bo`lgan soliq to`lovchilar guruhiga kiritilgan tadbirkorlik sub`ektlariga soliqlarni to`lashni kechiktirish taqdim etilmaydi.






