Kecha, 2 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining “2021 yil paxta hosilini yig`ib-terib olish ishlarini moliyalashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 666-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan 2021 yil hosili uchun etishtirilayotgan paxta xom ashyosini yig`ib-terib olishga talab etiladigan mablag`lar va ularning manbalari viloyatlar kesimida tasdiqlandi.
Moliya vazirligiga klasterlarga paxta xom ashyosini terib olish uchun yillik 14% stavkada (shundan 1% bank marjasi) kredit ajratish maqsadida 6 oy muddatda qaytarish sharti bilan "Agrobank" ATB depozitiga 1,6 trln so`mgacha mablag`lar joylashtirish topshirildi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Qishloq xo`jaligi vazirligining taklifiga binoan paxta-to`qimachilik klasterlari va fermer xo`jaliklari bilan ishsiz hamda vaqtinchalik band bo`lmagan aholidan iborat terim otryadlari rahbarlari o`rtasida mavsumiy ishga qabul qilish bo`yicha fuqarolik-huquqiy shartnomalari tuziladi.
Terim otryadlari rahbarlariga paxta yig`im-terimi yakuniga qadar 2 mln so`m miqdorida mehnat haqini to`lash uchun qilingan xarajatlar paxta-to`qimachilik klasterlari tomonidan joriy yil 1 dekabrga qadar taqdim etilgan aniq hisob-kitoblar va buyurtmalarga asosan qoplab beriladi.
2021-2023 yillarda Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida tavsiya etilgan xizmat tariflaridan kelib chiqqan holda paxta terish mashinalari tomonidan terilgan har bir tonna paxta xom ashyosini yig`ib-terib olish xizmat bahosining 30%i respublika byudjeti mablag`lari hisobidan qoplab beriladi.
Tegishli ro`yxat bo`yicha xorijdan olib kelinadigan qishloq xo`jaligi texnikalari, ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari 3 yil muddatga bojxona to`lovlaridan (QQS va bojxona rasmiylashtiruvi yig`imlaridan tashqari) va utilizasiya yig`imidan ozod qilinadi hamda "erkin muomalaga chiqarish" bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab QQSni 270 kungacha bo`lgan muddatga kechiktirib to`lashga ruxsat beriladi.
Quyidagi hududlarda paxta xom ashyosi yig`im-terimiga terimchilarni qo`shimcha jalb qilish maqsadida qo`lda terilgan har bir kilogramm paxta xom ashyosi uchun tavsiya etilgan tarif stavkasiga respublika byudjeti mablag`lari hisobidan 230 so`mdan ustama haq to`lanadi:
• Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida;
• Qoraqalpog`iston Respublikasining barcha tumanlarida;
• Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Mirishkor, Nishon, Kasbi, Qarshi tumanlarida;
• Surxondaryo viloyatining Qiziriq, Bandixon, Muzrabot va Sherobod tumanlarida.






