Amerika davlatlari tashkiloti (ADT) Doimiy kengashi kecha O`zbekistonga yakdil ovoz bilan doimiy kuzatuvchi maqomini berdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
ADT Shimoliy va Janubiy Amerikaning 35 davlatidan tashkil topgan. O`zbekiston G`arbiy yarim shardagi eng uzoq tarixga ega xalqaro tashkilotning 73-doimiy kuzatuvchisi bo`ldi.
O`zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov ADT Doimiy kengashi raisi Joshua Fiajo bilan uchrashuv o`tkazdi. Tadbirda tomonlar mintaqaviy va global xavfsizlikning ustuvor yo`nalishlarida hamkorlikni kengaytirish, inson huquqlari va demokratik erkinliklarni ta`minlash, shuningdek, mintaqaviy iqtisodiy integrasiyani rag`batlantirishdan manfaatdor ekanini ta`kidladi.
Qo`mitaning ixtisoslashtirilgan muassasalari va affillangan tuzilmalari bilan qishloq xo`jaligi, sog`liqni saqlash, telekommunikasiya, fan-ta`lim, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlik istiqbollari alohida muhokama qilindi.
Joshua Fiajo, shuningdek, O`zbekistonning Lotin Amerikasi va Karib dengizi mamlakatlari bilan, birinchi navbatda, savdo va sarmoya sohasida o`zaro manfaatli munosabatlar o`rnatish uchun tashkilot platformasidan foydalanish istagini qo`llab-quvvatladi.
Diplomat O`zbekistonning ADT faoliyatidagi ishtiroki o`zaro manfaatli bo`lishi, respublikaga global muammolarni hal etish va mintaqaviy hamkorlikda tajriba almashish uchun qulay imkoniyat taqdim etishiga ishonch bildirdi.
Doimiy kengash raisi O`zbekistonni mazkur tashkilot Bosh Assambleyasining 9-11 noyabr kunlari bo`lib o`tadigan 51-sessiyasida ishtirok etishga taklif qildi.
Amerika davlatlari tashkiloti 1948 yil Pan-Amerika ittifoqi (1889 yilda tuzilgan) negizida tashkil etilgan. ADT tashkilotga a`zo davlatlar o`rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ularning suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish maqsadlariga xizmat qiladi. ADT huzuridagi Doimiy kuzatuvchilar instituti 1971 yilda tashkil etilgan. Tashkilot bosh qarorgohi Vashingtonda joylashgan.






