Sher bolasi o`ng ko`z kataraktasi bilan tug`ilganligi hamda maxsus muolajalarning o`z vaqtida olib borilishi ma`lum bo`ldi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Parkent tumanidagi xonadonlarning birida Afrika sher bolasining saqlanayotgan, ularning ahvoli qoniqarli emasligi bilan bog`liq videolar berilgandi.
Ushbu holat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi tomonidan atroflicha o`rganildi va quyidagilarni ma`lum qildi.
Qo`mita tomonidan 2019 yil 10 oktyabr kuni fuqaro X.Ahmedovga yovvoyi hayvonlar saqlanadigan va ko`paytiriladigan pitomnik, shuningdek, zoologiya kolleksiyalarini hisobga qo`yish to`g`risida guvohnoma rasmiylashtirilgan. Yovvoyi hayvonlarni saqlash va ko`paytirish bo`yicha “Wildlife” MChJ pitomnigi Toshkent viloyatining “Bog`ishamol” dala hovli hududida joylashgan.
Pitomnik rahbari X.Ahmedov tomonidan Afrika sherlari (1 dona erkak va 1 dona urg`ochi) 2020 yilning 3 oktyabr kuni Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi “Shou panda arena” havaskorlik sirk guruhi rahbari bilan shartnoma tuzilib, sotib olingan.
Pitomnikda saqlanayotgan yovvoyi hayvonlar bo`yicha Davlat ekologiya qo`mitasiga 2021 yilning yanvar oyida taqdim etilgan hisobotga muvofiq, sherlar 2017 yilda tug`ilgan, ozuqa rasioniga go`sht, tuxum va turli vitaminlar belgilangan. Ular o`z vaqtida beriladi. Erkak jinsli sherning vazni 230 kg, urg`ochi sherning vazni 170 kg, yovvoyi hayvonlarga emlash ishlari muddatida olib borilgan hamda ularning umumiy ahvoli yaxshi.
Shuningdek, “Wildlife” MChJ rahbari bilan muloqot davomida joriy yilning 8 sentyabr kuni zoopitomnikda 1 dona bosh sher bolasi o`ng ko`z kataraktasi bilan tug`ilganligi hamda maxsus muolajalarning o`z vaqtida olib borilishi ma`lum bo`ldi.
Sherlarning ochiq havoda aylanishi uchun qo`shimcha 24 metr-kvadrat maydonga ega mustahkam panjarali usti berk valer tashkil etilgan.






