AsosiyJamiyat

Shifokorga qo`l ko`targan toshkentlik fuqaro 4 yilga qamaldi

'Shifokorga qo`l ko`targan toshkentlik fuqaro 4 yilga qamaldi'ning rasmi

Shu yilning 25 mart kuni Sog`liqni saqlash vazirligi rasmiy sahifasida “Yana shifokorga tajovuz: mast fuqaro shifokor ayolni kaltakladi” sarlavhali maqola e`lon qilingan edi.  

Unda 24 mart kuni soat 23:15 larda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining toksikologiya qabul bo`limiga  poytaxtning Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi 37 yoshli fuqaro U.N. onasi hamrohligida olib kelingani hamda bu erda boshqa bemorlarga xizmat ko`rsatayotgani uchun o`z xizmat faoliyatini o`tayotgan navbatchi shifokor N.Toshpo`latovaga tan jarohati etkazgani haqida aytilgandi.

Shifokor N.Toshpo`latova “Qo`shma kraniofasial jarohat. Bosh miya yopiq jarohati. Bosh miyaning og`ir darajada lat eyishi. Subaraxnoidal qon quyulishi. Burun suyaklari va burun to`sig`i sinib siljishi. Ensa va burun sohalari yumshoq to`qimalarining lat eyishi. Nazogemorreya” tashxisi va bosh miya shishi asorati bilan neyroxirurgiya bo`limiga yotqizilgan edi.

O`sha paytdayoq Sog`liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan qonunga muvofiq hukm chiqarilishini so`rab, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat bilan chiqqan edi.

Shundan so`ng tibbiyot xodimiga qo`l ko`targan fuqaroga nisbatan jinoiy ish ochilib, surishtiruv ishlari boshlangan.

Jarayon yakunlangach, 2021 yilning 2 noyabr` kuni jinoyat ishlari bo`yicha Yakkasaroy tuman sudida fuqaro U.N.ga nisbatan sud hukmi o`qildi.

Sudlanuvchiga jazo turi va muddatini tayinlashda fuqaroning muqaddam  sudlanmagani, o`z aybiga iqrorlik bildirib, qilmishidan pushaymonligi, oilaviy sharoiti hamda kasalligi, mahalla fuqarolar yig`ini tomonidan berilgan iltimosnoma jazoni engillashtiruvchi holatlar deb baholandi. Ammo sudlanuvchining mazkur qilmishni g`arazli niyatda hamda mastlik holatida sodir etgani jazoni og`irlashturavchi holatlar sifatida baholangani aytildi.

Hukmga ko`ra, U.N.ga nisbatan qo`llanilgan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi o`zgarishsiz qoldirildi. Ayblanuvchiga O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi bilan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sog`liqni saqlash vazirligi tibbiyot xodimlariga nisbatan zo`ravonlik holatlariga  muttasil qarshi kurashib keladi va barcha yurtdoshlarimizga ularning salomatligini saqlash yo`lida mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlarining haq-huquqlari va insonlik sha`niga hurmat bilan qarash lozimligini yana bir bor eslatib o`tadi.

    Boshqa yangiliklar