AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev sanoat kooperasiyasini kuchaytirishga chaqirdi (foto)

Avval xabar berganimizdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 12 noyabr...

'Shavkat Mirziyoev sanoat kooperasiyasini kuchaytirishga chaqirdi (foto)'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 12 noyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining sakkizinchi sammitida ishtirok etdi.

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`an tashabbusi bilan tadbir Istanbuldan janubi-sharqda joylashgan hamda Turkiya uchun tarixiy ahamiyatga ega bo`lgan Demokratiya va erkinlik orolida bo`lib o`tdi. Sammit haqida Prezident Matbuot xizmati ma`lumot berdi.

Kengash majlisida, shuningdek, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliev, Qirg`iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev hamda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban qatnashdi.

Sammit kun tartibiga muvofiq, savdo, investisiyalar, “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport va kommunikasiyalar, ta`lim va madaniyat sohalaridagi ko`p qirrali munosabatlarni har tomonlama kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko`rib chiqildi.

Shavkat Mirziyoev sanoat kooperasiyasini kuchaytirishga chaqirdi. Bu borada qo`shma loyihalarni ishlab chiqish uchun a`zo davlatlardagi ixtisoslashgan tashkilotlar negizida Injiniring va texnologiyalar markazlari tashkil etish taklifi bildirildi. Kelgusi yili O`zbekiston Turkiy davlatlar sanoat haftaligini o`tkazishga tayyor ekani ma`lum qilindi.

Kengashning mazkur sammiti uchun “Raqamli asrda yashil texnologiyalar va “aqlli” shaharlar” mavzusi tanlanganini hisobga olib, Prezidentimiz “aqlli” shaharlarni yaratishda tajriba almashish va innovasiyalarni transfer qilish maqsadida ekspertlar va IT-mutaxassislar uchun doimiy platformani tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Bu borada ilk qadam sifatida 2022 yilda ekspertlar konferensiyasini o`tkazish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari o`z nutqida iqlim o`zgarishi, uning Tashkilot mamlakatlariga ta`sirini yumshatish masalasi va Orol dengizining qurishi keltirib chiqarayotgan muammolarga ham to`xtalib o`tdi. Ekologik halokatlarning salbiy oqibatlarini yumshatish, ular tarqalishining oldini olish uchun Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda Turkiy mamlakatlarning atrof-muhit muhofazasi bo`yicha tuzilmasini tuzish, uning qarorgohini esa Orolbo`yining ekologik fojiadan eng ko`p jabr ko`rgan tumanlaridan birida joylashtirish g`oyasini ilgari surdi.

O`zbekiston Prezidenti turizmni rivojlantirish mavzusiga alohida urg`u berib, «Turkiy dunyo turizmi» va «Tabarruk ziyorat» loyihalarini amalga oshirish, hunarmandchilik ko`rgazmalari va etnosport musobaqalarini o`tkazish, madaniy meros ob`ektlarini saqlash va tiklash masalalari, sohadagi hamkorlikning boshqa yo`nalishlarini qamrab olgan «yo`l xaritasi»ni ishlab chiqishni taklif qildi.

Davlatimiz rahbari bu galgi sammit davomida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni ta`sis qilish to`g`risidagi qaror qabul qilingani uchun minnatdorlik bildirib, tashkilotga a`zo mamlakatlar fondlarida saqlanayotgan nodir asarlarni tadqiq va tarjima qilish, ularning yagona elektron bazasini yaratish muhimligini ta`kidladi.

Birgina O`zbekiston fondlarida tashkilot mamlakatlarining mushtarak tarixi va madaniyatiga aloqador 200 mingdan ortiq noyob qo`lyozma asarlar saqlanmoqda. Shu munosabat bilan Turkiy tilli davlatlarning tarixiy, ilmiy va madaniy merosini o`rganish tadqiqot markazini tashkil etish taklif qilindi.

Sammit yakunida tashkilotga raislik Ozarbayjon Respublikasiga o`tishi va Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti kelgusi yilda O`zbekistonda o`tkazilishi to`g`risidagi qarorlar qabul qilindi.

Davlat rahbarlari 10 dan ortiq hujjat - sammitning yakuniy deklarasiyasini, “Turkiy dunyo nigohi - 2040” dasturiy hujjati va kun tartibiga kiritilgan boshqa qarorlarni imzoladilar.

    Boshqa yangiliklar