AsosiyJamiyat

1 dekabrdan qonunchilikda nimalar o`zgaradi?

'1 dekabrdan qonunchilikda nimalar o`zgaradi?'ning rasmi

Davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reyting joriy etiladi

Prezident qaroriga asosan har yil yakuni bo`yicha barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reytingni e`lon qilish amaliyoti joriy etiladi.

Shuningdek, qurilish sohasida shaffoflik va qonuniylikni ta`minlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida xarid komissiyasining ma`lumotlar haqqoniyligini tekshirish va ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish vakolatlari bekor qilinadi.

Chet elda yashovchi O`zbekiston fuqarolari va xorijiy shaxslarga elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoni yaratiladi

Prezident farmoniga ko`ra:

  • chet elda doimiy yashovchi O`zbekiston fuqarolari, shuningdek, xorijiy jismoniy va yuridik shaxslar hamda fuqaroligi bo`lmagan shaxslarga elektron raqamli imzo kaliti sertifikatlarini O`zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan berish orqali elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoni yaratiladi;
  • O`zbekiston Respublikasida doimiy yashamaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikasiya raqamini soddalashtirilgan tartibda tuman (shahar) migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`linmalarida hamda davlat xizmatlari markazlarida amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, lisenziya, ruxsatnoma, sertifikat va boshqa ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning dublikatini berish uchun qonunchilik hujjatlaridagi milliy valyutadagi to`lovlar BHMning 10 foizigacha miqdorda belgilanadi.

Ko`chma savdo ob`ektlari elektron tarzda ro`yxatdan o`tkaziladi

Prezident qaroriga binoan ko`chma savdo faoliyati tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan ko`chma savdo ob`ektlarini elektron tarzda «K — SAVDO» avtomatlashtirilgan axborot tizimida ro`yxatdan o`tkazish yo`li bilan amalga oshiriladi. Bunda, tadbirkorlik sub`ektlaridan ro`yxatdan o`tkazish uchun yig`im undirilmaydi.

Etkazib berilgan mahsulot uchun to`lovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilishga qo`yilgan taqiq bekor qilinadi

Prezident farmoniga asosan, 2021 yil 1 dekabrdan:

  • etkazib berilgan mahsulot (bajarilgan ishlar, ko`rsatilgan xizmatlar) uchun to`lovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilish bo`yicha tijorat banklariga qo`yilgan taqiq;
  • davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo`lgan xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning mahsulotlarni etkazib berish (ishlarni bajarish, xizmatlarni ko`rsatish) to`g`risida tuziladigan shartnomalarida majburiy ravishda oldindan to`lovni belgilashga doir talab;
  • qishloq xo`jaligi va chorvachilik mahsulotlari etishtiruvchilari va tayyorlov tashkilotlari o`rtasida tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda avansni belgilashga doir talab bekor qilinadi.

Veterinariya va fitosanitariya organlari tomonidan tovar-transport hujjatlariga muhr bosish va ularni ro`yxatga olish amaliyoti bekor qilinadi

Prezident farmoni bilan O`zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali avtomobil o`tkazish punktlarida:

  • veterinariya va fitosanitariya organlarining tovarlarga tegishli hujjatlarni tekshirish va rasmiylashtirish vazifalari «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi yoki unga integrasiyalashgan axborot tizimlari orqali amalga oshiriladi;
  • veterinariya va fitosanitariya organlari tomonidan tovar-transport hujjatlariga muhr bosish va ularni ro`yxatga olish amaliyoti bekor qilinadi;
  • to`lanadigan barcha yig`imlarni transport vositalari chegara punktiga kirgunga qadar yagona hisobvaraq asosida oldindan to`lash amaliyoti joriy etiladi.

    Boshqa yangiliklar