“O`zbekko`mir” AJ tomonidan 2021-2022 yillar kuz-qish masumi uchun respublika byudjet tashkilotlariga 450 ming tonna, aholi iste`molchilari uchun 705 ming tonna mahalliy ko`mir etkazib berish rejalashtirilgan. Bu haqda Energetika vazirligi Matbuot-shtabi va“O`zbekko`mir” AJ Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu rejalarni to`laqonli bajarish uchun jamiyat tomonida barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Xususan, kon ustini ochish va ko`mir qazib olish hajmlari tobora oshirilmoqda.
Misollarga murojaat qiladigan bo`lsak, joriy yilning 9 oyi yakunlariga ko`ra kon ustini ochish ishlari 22,4 mln kubometrni tashkil etdi yoki o`tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga oshgan.
To`qqiz oyda ko`mir qazib chiqarish 3,4 mln tonnaga teng bo`ldi. Yoki o`tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarni tashkil etdi.
Natijada respublika byudjet tashkilotlarini kuz-qish mavsumi uchun ko`mir bilan ta`minlash rejasi 16 avgust kuni muddatidan avval bajarildi.
23 noyabr holatiga respublika aholisiga 714,7 ming tonna mahalliy ko`mir mahsulotlari tarqatilib, bu boradagi tasdiqlangan reja ham ortig`i bilan uddalandi.
Ushbu ko`rsatkich o`tgan yildagiga nisbatan solishtiriladigan bo`lsak, o`tgan yil shu davrgacha aholiga 461,2 ming tonna ko`mir mahsulotlari etkazib berilgan edi.
Ayni kunlarda aholi ehtiyojlari uchun qatiq yoqilg`i etkazib berish ishlari to`xtatilgani yo`q. “O`zbekko`mir” AJda aholi talabidan kelib chiqib, yil oxirigacha yana 150,0 ming tonna qo`shimcha ravishda ko`mir mahsulotlari etkazib berishni rejalashtirilmoqda.
Ko`mir mahsulotlari “Ko`mir ta`minot” MChJga qarashli 102 ta ko`mir ombori va shahobchalari orqali tarqatilmoqda. Ushbu ombor va shahobchalarda 23 noyabr holatiga 18 ming ko`mir zahirasi mavjud.
Aholiga tarqatilayotgan yoqilg`i BR markali mahalliy ko`mir bo`lib, fraksiyasi 0-300 mm.ni tashkil etadi.
Narhi (1 tonnasi) – 300 300 so`m.






