Joriy yil oktyabr oyidan boshlab mamlakatimizda bolalar o`rtasida o`tkir respirator virusli infeksiyalarning davriy ko`tarilishi kuzatilayotgani sababli tibbiyot muassasalariga murojaatlar va “Tez yordam” xizmatiga chaqiriqlar soni sezilarli darajada ortdi.
Shularni inobatga olgan holda Sog`liqni saqlash vazirligi O`RVIga chalingan bemor bolalarga o`z vaqtida sifatli tibbiy xizmat ko`rsatish, shifoxonalarda qo`shimcha o`rin-joylar tashkil etish, bu orqali tibbiyot muassasalariga tushayotgan yuklamalarni kamaytirish bo`yicha zarur choralar ko`rmoqda.
Jumladan, so`nggi kunlardagi o`rganishlar natijasida Toshkent shahar shifoxonalarida qo`shimcha 884 ta, mamlakatimiz bo`yicha 5 062 ta stasionar o`rin-joy tashkil etilib, 25 noyabr holatiga ko`ra, poytaxtimiz shifoxonalaridagi jami o`rin-joylar 3 521 ta, yurtimiz bo`yicha esa qariyb 19 800 taga etkazildi.
Ayni paytda Toshkent shahar tibbiyot muassasalarida bo`sh o`rinlar soni 661 ta, respublika bo`yicha 4 700 tani tashkil qilmoqda.
Taqqoslash uchun aytsak, 2021 yil 12 noyabr holatiga ko`ra, Toshkent shahar shifoxonalarida o`tkir respirator virusli infeksiyalarga chalingan bolalar uchun 2 637 ta, mamlakatimiz bo`yicha 14 723 ta o`rin-joy bo`lib, qo`shimcha bo`sh o`rinlar mavjud bo`lmagan.
Eslatib o`tamiz, bolalar o`rtasida o`tkir respirator kasalliklarning davriy ko`tarilishi kuzatilayotgani sababli Sog`liqni saqlash vazirligida ishchi guruhi tuzilib, 13 noyabr tunda poytaxt shifoxonalaridagi vaziyat o`rganilgan va o`sha kunning o`zida Toshkent shahar tibbiyot muassasalarida bolalar uchun qo`shimcha o`rin-joylar tashkil etilgan edi.






