1

Ovqatlanishning eng muhim besh tamoyili

Salomatlik 28.11.2021, 11:19
Ovqatlanishning eng muhim besh tamoyili

Inson sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlarini iste`mol qilishi orqali o`tkir oshqozon ichak va parazitar kasalliklari hamda chorva mollarida uchraydigan o`ta xavfli zoonos kasalliklarini yuqtirib olishi va tarqalishiga sabab bo`lishi mumkin.  

Kasallikning kelib chiqishi va tarqalishi haqida Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi oliy toifali shifokor Yu.Raximov ma`lumot berib o`tdi.

Kasallik qo`zg`atuvchi mikroorganizmlar tabiatda ko`p tarqalgan bo`lib, asosan ahlat, tuproq, suvdagi kemiruvchi hayvonlarda va zararkunandalar, hatto uy hayvonlari hamda odamlarda ham uchrashi tayin. Bunday mikroorganizmlarning ko`payishi uchun oziqlanish manbai, suv, vaqt hamda harorat bo`lsa bas. Ularning ko`payishi uchun go`sht, sut, pishloq, tuxum, dengiz mahsulotlari, pishirilgan guruch, makaron mahsulotlarida eng yaxshi muhit hisoblanadi. Bitta bakteriya 15 daqiqa ichida ikkitaga ko`payadi. Bu bilan bu bakteriya 6 soat mobaynida 16 milliontagacha ko`payadi, degani. Ko`pincha mikroorganizmlar bir joydan boshqa joyga pashsha, chivin va ifloslangan qo`llar orqali o`tadi. Shuningdek, ifloslangan suv yoki oziq-ovqat mahsulotlari orqali tarqaladi. Oshqozon ichak kasalliklarining oldini olishimiz uchun quyidagi xavfsiz ovqatlanishning besh tamoyiliga qat`iy rioya etishimiz lozim.  

Birinchidan, shaxsiy va jamoat gigienasiga qat`iy rioya etish. Idish-tovoqlarni toza-ozoda saqlash, oziq-ovqat mahsulotlarini ifloslanishidan himoya qilish, deratizasiya, dezinseksiya va dezinfeksiya tadbirlariga amal qilish.  

Ikkinchidan, xom mahsulotlar va tayyor oziq-ovqatlarni bir-biridan ajratgan holda saqlash. Oziq-ovqat xom-ashyosi tayyor mahsulotlar bilan birga saqlanganda, ular kasallik qo`zg`atuvchi mikroblar bilan ifloslanishi mumkin, shuning uchun xom-ashyo va tayyor mahsulotlarni bir-biridan ajratgan holda alohida idishlar yoki o`ralarda yopiq holda saqlash, ish anjomlarini o`z o`rnida ishlatish lozim.

Uchinchidan, oziq-ovqat mahsulotlariga termik ishlov berish qoidalariga qat`iy rioya etish. Oziq-ovqat mahsulotlarini yaxshilab tozalash, yuvish, 2 pishirish hamda mahsulotlarga kulinar va texnik ishlov berish texnologik jarayonlariga rioya etish.

To`rtinchidan, oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsiz haroratda saqlash. Uy haroratida mikroorganizmlar tez ko`payadi, shu sababli tayyor taomlarni 2 soat ichida realizasiya qilish. Barcha pishirilgan va tez buziluvchi oziq-ovqatlar +5 darajadan past haroratda, tayyor taomlar dasturxonga tortulgunga qadar +60 darajadan yuqori haroratda saqlanishi lozim. Mikroorganizmlarni rivojlanishi uchun +5 darajadan +60 darajagacha bo`lgan harorat eng optimal harorat hisoblanadi.  

Muzlatilgan oziq-ovqat mahsulotlarini uy haroratida muzdan tushirmaslik lozim. Muzlatilgan mahsulotlarni muzdan tushirishda mikroto`lqinli isitgichlardan foydalanish maqsadga muvofiq. Biroq mikroto`lqinli isitgichlarda muzdan tushirishda mahsulotlarni ba`zi joylari isib ketishi va o`sha joyda mikroorganizmlarni ko`payishi ehtimoli yanada ortadi. Shu sababli mikroto`lqinli isitgichlarda muzdan tushirilgan mahsulotlarni shu zahotiyoq pishirish talab etiladi.  

Beshinchidan, toza suv va sifatli oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanish. Ishlatilayotgan ichimlik suvi va oziq-ovqat mahsulotlari kasallik qo`zg`atuvchi mikroblar, parazitlar bilan ifloslangan kimyoviy moddalar bilan zararlangan bo`lishi mumkin. Shu sababli ishlatilayotgan ichimlik suvi va oziq-ovqat mahsulotlari epidemik va radiasiya jihatidan xavfsiz, kimyoviy tarkibi jihatidan zararsiz bo`lishi kerak.  

Xulosa qilib aytadigan bo`lsak, xavfsiz ovqatlanish qoidalariga qat`iy rioya etish oziq-ovqat mahsulotlari bilan bog`liq kasalliklarni kelib chiqishining oldini olishning eng muhim talablardan hisoblanadi. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini ta`minlash nafaqat sanitariya-epidemilogiya xizmatining, balki mahsulotlarni etkazib berish, tayyorlash, tashish va realizasiya qilish faoliyati bilan shug`ullanuvchi barcha yuridik va jismoniy shaxslarni, qolaversa har bir fuqaroning ham burchidir.  

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1